Deputatlar Ombudsman faoliyatini qanday baholadi?
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida dastlab Inson huquqlari boʻyicha vakil (Ombudsman)ning 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili F.Eshmatova taʼkidlaganidek, oʻtgan 2022-yil mamlakatimizda inson huquqlari toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali mahkumlarni qiynoqqa solishning oldini olish borasida Ombudsmanning oʻrni va roli sezilarli darajada oshdi.
Majlisda qayd etilganidek, hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17761 ta murojaat (2021-yilda 18738 ta) kelib tushgan. Ularning 14526 tasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet el fuqarolari, xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek, 3235 tasi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar va ularning qonuniy vakillari tomonidan yuborilgan.
2022-yilda Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini oʻrganish davomida buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tashkilot va mansabdor shaxslarga 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan. Xususan, davlat organlariga, tashkilotlariga hamda sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 20 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 78 ta daʼvo arizalari kiritilgan. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.
2022-yilda oʻtkazilgan monitoring tashriflari soni 381 marotabani (2021-yilda 177 ta monitoring tashriflari) tashkil etib, bu koʻrsatkich 2021-yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgan. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashga erishilgan.
Shuningdek, oʻtgan yil davomida Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.
Majlis yakunida deputatlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi hamda koʻrib chiqilgan mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring