Dehqon xoʻjaliklarida yerdan foydalanish samaradorligi yanada oshadi
Oʻtgan ikki yil davomida Xorazm viloyatida 12 609 gektar yer aholiga dehqon xoʻjaliklari yuritish uchun ajratib berildi. Joriy yilning 1-mart sanasigacha yana 1124 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer aholiga elektron auksion savdolar orqali dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun 30-yil muddatga ijaraga beriladi. Urganch tumanida oʻtkazilgan viloyat koʻrgazmali seminarida ushbu yer maydonlaridan samarali foydalanish, ekinlarni “Bir dala, bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirish masalalari xususida soʻz yuritildi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-fevraldagi “Aholiga dehqon xoʻjaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida viloyatning Bogʻot, Urganch va Xiva tumanlarida mahsulotni yetishtirishdan boshlab uni sotishgacha boʻlgan zanjirni oʻz ichiga olgan “kooperativ” va “agregator” tizimi joriy qilinadi, — deydi viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Qahramon Rajabov. — Bu esa aholiga ijara huquqi asosida berilgan yer maydonlarida eksportbop mahsulotlar yetishtirish uchun sharoit yaratish, ushbu yer maydonlarini doimiy daromad keltiruvchi aktivlarga aylantirish va bu sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish imkonini beradi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring