Dehibalandliklar shijoati
Foto: “Xalq so‘zi”
Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Dehibaland qishlog‘ida o‘tgan yili “Obod qishloq” dasturi doirasida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan edi. Ko‘chalar kengaytirilib, asfalt yotqizildi. Ichimlik suvi, elektr energiyasi tarmoqlari yangilanib, ijtimoiy infrastruktura obyektlari taʼmirlandi. Ishsiz, salomatligida muammolari bor va kamxarj oilalar ro‘yxati shakllantirilib, zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangilanishlardan dehibalandliklarning dimog‘i chog‘ kezlarda qishloq ahlining taʼbini xira qiladigan hodisa sodir bo‘ldi. Qishloqning imom Hasan va imom Husan ramziy ziyoratgohi biqinidagi Jome masjidida yong‘in chiqib, butunlay yaroqsiz ahvolga kelib qoldi.
Dehibalandliklar masjidni tiklashga kirishdilar. Qishloq ahlini eski masjidni bunyod etgan marhum Jumaniyoz hoji Hayitovning farzand va nabiralari o‘z atrofiga to‘plab, hashar uyushtirdi. Homiylar ham jalb etildi. Yangi masjid sig‘imi jihatidan ilgarisiga nisbatan ancha keng va zamonaviy meʼmorchilik talablari asosida bunyod etildi.
Bugun Dehibalandga kelgan kishi borki, ko‘rkam qishloqda qo‘r to‘kib turgan masjidni ko‘rib ko‘zi quvonadi. Ha, el bosh qo‘shgan ishning samarasi ham, savobi ham ulug‘dir.
Temur ESHBOYEV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring