«Dayan malikasi»

15:35 04 Noyabr 2022 Jamiyat
831 0

Foto: Arxiv surat

Diyora Imomaliyeva Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Langarbobo qishlogʻida tugʻilgan. Hozirda mana shu qishloqda joylashgan 18-umumtaʼlim maktabida oʻqiydi.

Endigina oʻn yetti bahorni qarshi olgan bu qiz tengdoshlaridan ancha oldinda. U besh yasharligidayoq oila ostonasidan qishloq maktabida ochilgan sport toʻgaragiga, undan keyin esa Namangan shahridagi yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabining taekvondo klubiga, shu klubdan jahon sport arenalariga qadar zafarli yoʻlni bosib oʻtdi. Uning qadamlari Janubiy Koreya, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Iordaniya, Vetnam singari koʻhna mamkatlardan oʻtib bordi. Bu yoʻllarda Diyora Imomaliyevaga 4-marta Oʻzbekiston chempionligi, 2-marta Oʻzbekiston kubogi sohibligi, Osiyo chempionatining kumush medali nasib etdi. Uning hisobiga 71 ta jang, 51 ta oltin medal yozib qoʻyildi.

Bugun Diyora taekvondoning WTF turi boʻyicha Oʻzekiston terma jamoasining umidli vakilasi. Shu bilan birga Oʻzbekiston sport ustasi, 1-Dan qora belbogʻ sohibidir.

— Birinchi marta, yaʼni 2017-yilda Janubiy Koreyaga borganman, — deydi u. — Oʻsha mamlakatning Chunchon shahrida oʻtkazilgan musobaqadan kumush medal bilan qaytdim. Dunyoga chiqishimning ana shu dastlabkisi oʻta ogʻir kechgan: avval suriyalik, keyin xitoylik, iordan va hatto qatarlik raqiblarni ham yengdim, ammo soʻnggi bosqichda taylandlik raqibimga omad kulib boqdi.

Aslida insonlar omadli boʻlib tugʻiladilarmi va yo omadli boʻlib ulgʻayadilarmi?

Aftidan Diyora bu ikki turga ham birdek daxldor. Chunki uning sportsevar bobosi, rahmatli Imomali aka oʻgʻil nabirasi – Jasurbekdan ham koʻra Diyorada nimanidir ilgʻaganmi, uni sportga berishlarini talab qilib turib olgan edi.

— Bobom mening hayotimga sportni olib kirgan birinchi odam. To umrining soʻngiga qadar meni har jihatdan qoʻllab-quvvatlagan ham bobom. Ular mening har bir qadamimga posbonlik qildi, har bir yutugʻimni sharaf bilan kutib oldi. Umrining oxirida esa ana shu sharafni dadamga vasiyat qilib ketdi. Endi esa mening sportdagi “yurish”larim bilan ustozlarim qatorida dadam shugʻullanyapti.

Muvaffaqiyat qozonayotgan sport sohibining manglayida yana bir baxt bor: bu — dunyo koʻrish. Diyoraning eng katta baxti ham shunda. Aytaylik, uning ikkinchi safari 2018-yilda Tailandning Bangkok shahriga boʻldi va u ushbu qirollik mamlakatidan oltin medal bilan qaytdi.

— Koreyaga qilgan birinchi safarim bolalik hayratlarimning eng katta choʻqqisi edi. Chunki bu yurt nafaqat men egallashga urinayotgan taekvondoning “vatani”, balki shiddatli taraqqiyot zamonida “Osiyo yoʻlbarsi” deb nom olgan va yuqori texnologiyalar – robotlar yurtiga aylangan sehrli diyor ham edi. Oradan bir yil oʻtib, Bangkokda boʻldim va men yana bir moʻjizalar shahriga tushib qolgandek boʻldim. Oq filni va odamsimon maymun (gibbon)ni ana shu yurtda koʻrdim. Mamlakatning deyarli yarmi togʻ va oʻrmonlardan iborat Tailandda bambukzor, savanna va butazorlarga duch keldim.

2019-yili «dayan malikasi» Birlashgan Arab Amirligiga – Dubayga bordi. U yerda oʻtkazilgan musobaqada Diyoraning medal shodalari bitta kumushga koʻpaydi.

Darvoqe, «dayan» soʻzi maʼnosini Diyoraning oʻzi shunday izohlaydi:

— Taekvondo – koreyscha «tae» – oyoq, «kvon» esa qoʻl maʼnolarini anglatadi. Undagi «do» ham alohida mazmunga ega. Yaʼni «do» — bu yoʻl. Boshqacha aytganda, oyoq va qoʻllarning harakat yoʻli demakdir. Aslida esa koreyslar «do»ga hayot yoʻli sifatida yondashadilar. Bu chuqur maʼnoga ega. Bu sport oʻzlikni anglashga, tabiat bilan uygʻunlashishga, oʻzini-oʻzi boshqarishga oʻrgatadi. Ushbu falsafaning markazida tabiatning ikkita qarama-qarshi kuchlari – Yin va Yang oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir tushunchasi yotadi. Bu kuchlar maʼlum maydon – 8 ga 8 oʻlchamdagi «dayan»da kurashadilar. Demak, «dayan» jang maydoni, boshqacha aytganda, tatami maʼnosini beradi.

Diyora dunyoga chiqishda davom etmoqda. U 2019-yilning oʻzida Iordaniyaning Ammon va Turkiyaning Istanbul shaharlarida boʻldi. Sport uni Sharqning ajoyibotlari bilan yaqindan tanishtirdi. Shu tariqa bugun oʻn yetti bahorni qarshilagan bu qizning ongu shuurida yangi madaniy qarashlar paydo boʻldi.

Qarang, birgina sport nafaqat jismi-jon tabibi, shuningdek, aql va ruh malhami ham ekanki, kecha Diyoraning sportdagi qadamlariga shubha bilan qaraganlar bugun uning istiqboliga havas qilishmoqda.

Diyora shu yilning oʻzida Koreya, Vetnam, Turkiya davlatlarida oʻtkazilgan nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, medallar shodasini yanada boyitib qaytdi.

— Shu kunlardagi oʻy-xayolim - jahon chempioni boʻlish, 2024-yilda Parij shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga hozirlik koʻrish va unda Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarish, — deydi u.

Nima ham derdik, niyat xayrli, marra yuksak! «Dayan malikasi»ga faqat zafar tilaymiz.

Saidolim ABDURAHMONOV, jurnalist,

Namangan viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер