Davlatimiz rahbari Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari yosh grossmeysterimizni Oʻzbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom maʼnodagi tarixiy gʻalabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.
Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta oʻyinda 6 marotaba gʻalaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qatʼiyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi.
Prezidentimiz endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, boʻlajak oʻyinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-gʻayrat va yangi zafarlar tiladi.
Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bagʻishlashi qayd etildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy gʻalaba bilan chin yurakdan tabrikladi.
Javohir Sindorov yuksak eʼtibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring