Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtgan oʻquv kursida senatorlar ishtirok etdi

19:18 08 Aprel 2026 Siyosat
475 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Davlat rahbari huzurida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻquv kursi tashkil etildi.

Tadbirda Prezident Administratsiyasi tegishli tarkibiy boʻlinmalari, Oliy Majlis Senati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Advokatlar palatasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, shuningdek, Akademiyaning malakali professor-oʻqituvchilari va soha ekspertlari ishtirok etdi.

Oʻquv kursida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov ham ishtirok etib, professional muomala madaniyati, samarali kommunikatsiyaning ilmiy asoslari, nizolarni boshqarish va psixologik usullar, manzilli ishlash konsepsiyasi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish borasida amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan maʼruza qilishdi.

Tadbir davomida soha xodimlarining aholi bilan ishlashdagi professional kompetensiyalarini rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Senatorlar oʻz nutqida ichki ishlar xodimining muomala madaniyati – bu davlatga boʻlgan ishonch koʻzgusi ekanini taʼkidladi. Zero, fuqaro tizim xodimi bilan muloqotda nafaqat tartib posbonini, balki davlatning adolati va himoyasini koʻradi.

Oʻquv kursi yakunida tinglovchilarga muloqot sanʼatini egallash boʻyicha amaliy tavsiyalar berilib, kasbiy faoliyatda odob-axloq qoidalariga rioya qilish eng kuchli himoya ekani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?