Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyati filiali ochiq tanlovlarni oʻtkazish boʻyicha monitoring oʻtkazdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan masʼullarga chora koʻrildi.
Agentlikka Qoʻshrabot tumani hokimligi tomonidan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilari lavozimlariga ishga qabul qilish jarayoni belgilangan tartib boʻyicha amalga oshirilmayotgani haqida maʼlumot kelib tushdi.
Mazkur holatni oʻrganish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida»gi qonunning 26-moddasiga asosan monitoring oʻtkazildi.
Monitoring davomida Qoʻshrabot tumani hokimining tegishli qarorlari bilan “Shova”, “Navkat”, “Quvkalla”, “Chimmos”, “Minishkor”, “Yangiqishloq” mahallalari hokim yordamchisi lavozimlari ochiq tanlovga chiqarilgan boʻlishiga qaramasdan, tanlov gʻolibi aniqlangunga qadar “vazifasini bajaruvchi” etib xodimlar tayinlanganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligiga Taqdimnoma kiritilib, nomlari keltirilgan mahallalardagi hokim yordamchilari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Eʼlon qilingan ochiq tanlovlarning belgilangan talab darajasida oʻtishi nazoratga olindi. Hokimlikning Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbariga “Hayfsan” intizomiy chorasi qoʻllanildi. Hozirda faoliyati oʻrganilib, ishda qolish yoki qolmaslik masalasi koʻrib chiqilmoqda.
Monitoring Samarqand viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasida ham oʻtkazildi. Natijaga koʻra, ochiq tanlov davom etayotgan lavozimlar boʻyicha tanlov natijalarini kutmasdan, tanlov gʻolibi aniqlangunga qadar 5 nafar xodim “vazifasini bajaruvchi” etib tayinlangani maʼlum boʻldi. Holat yuzasidan viloyat Qishloq xoʻjaligi boshqarmasiga Taqdimnoma kiritilib, barchasi egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Eʼlon qilingan ochiq tanlovlar nazoratga olindi. Boshqarmaning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish shoʻbasi boshligʻi yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring