Davlat dasturi: aholining ijtimoiy hamda ekologik muammolari qay darajada hal etilmoqda?

16:28 21 Oktyabr 2022 Jamiyat
1241 0

2022-yil 21-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda fraksiyalar aʼzolari tomonidan 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, joriy yilgi hisobot oʻtgan yilga nisbatan kengroq va batafsil taqdim etilganligi bilan farq qiladi. Hisobotda
2022-yilning 9 oyi davomida “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar toʻgʻrisidagi, Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan hamkorligi yuzasidan hamda boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilgani eʼtirof etildi.

Yigʻilishda Davlat dasturining ijrosi yuzasidan fraksiyalar aʼzolari tomonidan aniqlashtiruvchi savollar berildi. Xususan, “Adolat” SDP fraksiya aʼzolari aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sugʻurtalash amaliyotini joriy qilish, shu jumladan markazlashgan laboratoriya, sterilizatsiya va yuqori texnologik tekshiruvlar tizimini tashkil etish holati boʻyicha savol bilan murojaat etdilar.

Bundan tashqari, dori-darmon va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish hamda aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish, jumladan Elektron retsept tizimini takomillashtirish va keng joriy etish, narxlarga rioya etilishini onlayn kuzatishning axborot tizimini yaratish borasidagi amalga oshirlayotgan ishlar holati deputatlar muhokama markazida boʻldi.

Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari esa keyingi yillarda mamlakatimizda davlat dasturlarini shakllantirishda xalq bilan bamaslahat holda, hududlardagi ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga, ijtimoiy sohaning barqarorligini taʼminlashga, ehtiyojmand qatlam vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlashdi.

Masʼullar tomonidan kam taʼminlangan oilalar bilan manzilli ishlash tizimida inson omilini keskin kamaytirish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestriga” integratsiya qilish maqsadida “Temir daftar” axborot tizimi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilish ishlari amalga oshirilganligini, bu jarayonda Xalq demokratik partiyasining avvalgi hisobotlarni muhokama qilish vaqtida bergan takliflari inobatga olinganini qayd etishdi.

Muhokama vaqtida aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, kasb-hunarga tayyorlash masalalari alohida eʼtiborda boʻldi.

Hisobot davrida 133 909 nafar xotin-qizlarning 78 079 nafari mehnat organlari yoʻllanmasi asosida monomarkazlarda, 55 830 nafari xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 598, 8 ming nafariga amaliy yordam koʻrsatilgan.

Shuningdek, fraksiya aʼzolari xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish, ishga joylashishiga koʻmaklashish uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarning samarali sarflanishi masalasida hududlarda qator kamchilik va sustkashliklar kuzatilayotganini taʼkidlab, mazkur yoʻnalishni yanada takomillashtirish choralarini koʻrish zarurati boʻyicha tavsiyalar berishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzolari esa ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarning ekologik ahvolini yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratishdi.

Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning bahor mavsumida jami 126,4 mln. dona, shu jumladan, Qashqadaryoda 10 312 mln, Samarqandda 10 292 mln, Fargʻonada 10 057 mln, Surxondaryoda 10 057 mln, Buxoroda 10 056 mln, Jizzaxda 9 970 mln, Andijonda 9 712 mln, Namanganda 9 693 mln, Toshkent viloyatida 9 607 mln, Navoiyda 9 294 mln, Xorazmda 9 087 mln, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 8 797 mln, Sirdaryoda 8 678 mln va Toshkent shahrida 802 ming dona mevali hamda manzarali daraxt va butalarning koʻchatlari ekilgan. Shuningdek, joriy yilning kuz mavsumida yana 75 mln dona manzarali va buta koʻchatlari xamda qalamchalarini ekish rejalashtirilgan. Joriy yildagi moratoriy natijasida 306,8 ming tup daraxtlar kesilishini oldi olindi.

Chiqindilar bilan ishlash yoʻnalishida 79 ta tuman va shaxarlar xususiy sheriklarga biriktirilib, uning ulushi 52 foizga yetkazildi, 22 ta chiqindi poligonlari rekultivatsiya qilingan va 8 ta chiqindi poligoni faoliyati toʻxtatilgan. Aholini sanitar tozalash xizmati bilan qamrovi 93 foizga, chiqindilarni qayta ishlash 29,6 foizga yetkazilgan.

Oʻtgan davrda aholini toza ichimlik suvi hamda oqava suv tarmogʻi bilan taʼminlash maqsadida barcha dasturlar doirasida respublika byudjetining 2,3 trln. soʻm mablagʻlari oʻzlashtirilib, uning hisobidan 378 ta inshootlar hamda 5,2 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilingan.

Deputatlar tomonidan davlat dasturida belgilangan 103 ta banddagi 118 ta topshiriqlarni oʻz muddatida, sifatli ijrosini taʼminlash, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbuslariga mos tarzda aerobiologik monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish, maishiy chiqindilarni yigʻishni 100 foizga, uni qayta ishlash darajasini 21 foizdan 50 foizga yetkazish, oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda fraksiyalar aʼzolarining taklif va tavsiflari asosida davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер