Davlat byudjeti xarajatlarining 13,1 trln soʻmga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

11:59 26 Iyun 2021 Iqtisodiyot
945 0

Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning oʻtgan davrida qabul qilingan qarorlar, tasdiqlangan dasturlardagi ustuvor vazifalar ijrosi, qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini talab etmoqda.

Shu maqsadda Qonun bilan makroiqtisodiy barqarorlikni yana-da mustahkamlash, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirish, shuningdek, aholi farovonligini taʼminlash kabi maqsadlarda olib borilayotgan islohotlarni faol davom ettirishning moliyaviy asoslari barqarorligi belgilanmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 13,1 trln soʻmga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi 6155-sonli Farmoniga binoan:

- turizm obyektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash uchun 410 mlrd soʻm;

- erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan taʼminlashga 350 mlrd soʻm;

- Endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 124,2 mlrd soʻm;

- “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga nufuzli xorijiy oliygohlarda oʻqishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga (82 tadan 350 taga) oshirish uchun 80 mlrd soʻm;

- 2021/2022 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalariga davlat grantida qabul koʻrsatkichlarini 25 foizga oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlariga grantlarni 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazish uchun 64,4 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, mahallalarda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, ularning oʻz biznesini tashkil etishiga koʻmaklashish tadbirlarini davom ettirish maqsadida qabul qilingan Prezident qarori (2021-yil 27-martdagi 5041-son) ijrosini taʼminlashda:

- oilaviy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun vakolatli banklar ustav kapitalini 1,3 trln soʻmga oshirish;

- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga qoʻshimcha 1,5 trln soʻm mablagʻ ajratilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Qonun bilan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlari uchun 6,4 trln soʻm (13,4 dan 19,8 trln soʻmga) yoʻnaltirilmoqda.

Ushbu mablagʻlardan:

a) respublika byudjetiga ichki yoʻl va ichimlik suvi taʼminoti (3,2 trln soʻm) va oilaviy tadbirkorlik (1,5 trln soʻm) dasturlari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini (1,1 trln soʻm) barpo etish uchun 5,8 trln soʻm;

b) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida limonchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Turon bank”ning ustav kapitalini oshirish uchun 100 mlrd soʻm;

v) charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, moʻyna va jundan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun kredit liniyalarini moliyalashtirishga 550 mlrd soʻm ajratish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Turizm va sport vazirligining tashkil topishi hamda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilishi ham amaldagi Qonunga tegishli oʻzgartishlar kiritishni talab etgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер