Davlat buyurtmachilari xodimlarining oyligi 3 karra oshiriladi
Oʻtgan yili qurilish obyektida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat boʻyicha manfaatdorlik yoʻq.
Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati toʻliq KPIʻga bogʻlanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun obyekt qiymatining 5 foizigacha mablagʻ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida toʻlov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi masʼul boʻlgan obyektda qoʻpol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qatʼiy chora koʻrish zarurligi qayd etildi. Loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi ham pasaytiriladi.
Oʻtgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan taʼminlandi, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektiga videokuzatuv kameralari oʻrnatildi.
Endilikda byudjetdan quriladigan qiymati 3 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan ijtimoiy soha obyektlari, koʻp qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm obyektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qoʻmitasiga shaharsozlik qoidalarini qoʻpol buzganlik boʻyicha moliyaviy sanksiya joriy qilish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring