Davlat aktivlarini boshqarish agentligi press-tur uyushtirdi

10:20 29 Avgust 2020 Iqtisodiyot
2152 0

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Samarqand shahri, Urgut va Oqdaryo tumanlaridagi davlat mulkini xususiylashtirish, sarmoya kiritish, investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish, investorlarning faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan masalalarga yechim topishga bagʻishlangan press-tur uyushtirildi.

Dastlab jurnalistlar «Samarqanddon mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdilar. Avval toʻliq davlat tasarrufida boʻlgan korxonalarda davlat ulushini kamaytirishga qaratilgan dasturlar asosida bu kabi korxonalar ham aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-martdagi PF-4707-sonli «2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy oʻzgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni taʼminlash chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida»gi Farmoniga asosan Turkiya Respublikasining “ALAPALA MAKINA GIDA SANAYI VE TICARET A.S” korxonasidan 1,7 million AQSH dollari evaziga kunlik quvvati 200 tonna bugʻdoyni qayta ishlashga moʻljallangan zamonaviy tipdagi tegirmon olib kelingan va ishga tushirilgan. Natijada korxonaning yillik quvvati 54 000 tonna un ishlab chiqarishga yetkazilgan. Bugʻdoydan un chiqimi 75 foizni, kuniga ishlab chiqariladigan un miqdori esa 150 tonnani tashkil etadi.

— Korxonamiz texnologik yangilangunga qadar kuniga 110-120 tonna un tayyorlanardi, — deydi «Samarqanddon mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati rahbari oʻrinbosari. — Qolaversa, zamonaviy tipdagi tegirmon oʻrnatilishi natijasida korxonada ishlab chiqarish xarajatlari kamaygan boʻlib, birgina elektr energiyasidan 40 foizgacha mablagʻ iqtisod qilinmoqda. Buning natijasida korxonamiz 2019-yilda 11,9 milliard soʻm daromad olgan boʻlsa, joriy yilning birinchi yarmida daromadlar salmogʻi 6 milliard soʻmdan ortdi.

Bugungi kunda, korxonada jami 472 nafar ishchi xodimlar mehnat qilishmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyatda 9 ta aksiyadorlik jamiyati, 79 ta masʼuliyati cheklangan jamiyat va 107 ta davlat unitar korxonasi faoliyat yuritmoqda.

— Yil boshidan buyon “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasi orqali 49 ta obyekt sotildi, yana 12 obyekt savdoga qoʻyilgan, 20 ta bino esa savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan, — deydi davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boʻlim boshligʻi Abduvohid Yangiboyev. — Hozirda boshqarmamiz tomonidan 100 milliard soʻm va 210 million dollar sarmoya kiritib, 2800 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan 77 ta obyekt boʻyicha nazorat ishlari olib borilmoqda. 2020-yilda 24 ta obyektda shartnoma boʻyicha 45,4 milliard soʻm investitsiya kiritilib, 800 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi. Ammo, boʻsh turgan va bir necha bor “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasiga chiqarilib hozirgacha sotilmayotgan obyektlar ham bor. Jumladan, Samarqand shahar Spitamen koʻchasidagi bino faoliyat turi cheklanmagan holda dastlab 3 milliard 200 million soʻm qiymatda savdoga qoʻyildi, toʻrt muddatdagi savdolarda ham xaridor topilmagach, bino dastlabki narxidan 40 foizga tushirilib, hozirda 1 milliard 968 million soʻm qiymatda qayta sotuvga chiqarildi.

Press-turda jurnalistlar Urgut tumanidagi «Urgut Marufnol» masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda tadbirkor 2015-yildan beri boʻsh yotganligi sababli “E-IJRO AUKSION” orqali savdoga chiqarilgan binoni 2017-yilda tibbiyot markazi tashkil etish uchun “Nol” xarid qiymatida 23,162 milliard soʻm sarmoya kiritish va 173 ta ish oʻrni yaratish sharti bilan olgan. Bino shu kunlarda foydalanishga topshirilish arafasida.

— 2017-yilda “E-IJRO AUKSION” savdolarida tibbiyot markazi tashkil etish loyihamiz bilan qatnashib gʻolib boʻldik, — deydi jamiyat rahbari Bahrom Dodiyev. — Shundan soʻng Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat boshqarmasi xodimlari nazoratida ikki qavatli binoning uchinchi qavati va qoʻshimcha bino qurish ishlarini bajardik. Belgilangan muddatda bino tayyor boʻldi, lekin pandemiya tufayli foydalanishga topshirish muddati choʻzildi. Shu bois, yana qoʻshimcha 1 milliard soʻm sarmoya kiritish sharti bilan ishga tushish muddati bir yilga uzaytirildi. Hozirgacha qurilish ishlariga 14 milliard va xorijdan zamonaviy tibbiyot uskunalari keltirish uchun 10 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ kiritib, sentyabr oyining oʻrtalarida markazni foydalanishga topshirish niyatidamiz.

Mazkur tibbiyot markazimizda barcha turdagi tibbiy tahlillar oʻtkazilishi bilan birga Covid-19 uchun ham test topshirish hamda MRTni yoʻlga qoʻyish imkoniyati yaratilmoqda. Bu esa tuman aholisini tahlil uchun Samarqand shahriga borishiga ehtiyoj qoldirmaydi.

Shuningdek, jurnalistlar Oqdaryo tumanidagi Yangiobod MFYda joylashgan sobiq mehmonxona-muzey binosini investor Zayniddin Atabayev tomonidan 1 (bir) soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda investitsiyaviy hamda ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti boʻyicha olingan obyekt muammosi bilan tanishishdi.

Oqdaryo tumani, Yangiobod MFYda joylashgan ushbu eski mehmonxona-muzey binosi “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali fuqaro Z.Atabayev tomonidan investitsiyaviy hamda ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan olingan.

Taraflar oʻrtasida imzolangan 2020-yil 5-fevraldagi 9-sonli oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq, Investor tomonidan elektron-auksion savdosida shakllangan 1 000 001 (bir million bir) soʻm miqdordagi sotib olish toʻlovlarini toʻlash hamda obyektga 150 million soʻm investitsiya kiritish evaziga fotosalon xizmati hamda tikuvchilik sexini tashkil etish orqali 5 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasiga fuqaro Zayniddin Atabayevning 2020-yil 11-martdagi murojaat xati kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarini belgilagan holda “E-IJRO AUKSION” elektron auksion savdo maydonchasi orqali olingan Oqdaryo tuman, Yangiobod MFYda joylashgan eski «Mehmonxona-muzey» binosini Oqdaryo tumani, Yangiobod MFY, Ravot qishlogʻida yashovchi fuqaro Aliyeva Nafisa tomonidan asossiz ravishda egallab olinganligi va binoni boʻshatib berishdan bosh tortishi oqibatida nizoli holat yuzaga kelayotganligi maʼlum qilingan.

Shunga koʻra, fuqaro Z.Atabayevning murojaatini har tomonlama va xolisona oʻrganib chiqilishini taʼminlash maqsadida, hududiy boshqarma xodimlari va mahalliy hokimiyat vakillari bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra Nafisa Aliyeva tomonidan qadimgi buyumlar saqlanayotganligi va ushbu binodan foydalanish uchun tegishli hujjatlari mavjud emasligi maʼlum boʻlgan hamda binoni boʻshatib berish boʻyicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar kerakli natijani bermagan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi hamda tuman prokuraturasi bilan mazkur holat oʻrganilib, hududiy boshqarmaning daʼvo arizasiga asosan Fuqarolik ishlari boʻyicha Payariq tumanlararo sudi tomonidan koʻrib chiqilib, fuqaroni obyektdan majburiy tartibda chiqarish boʻyicha qaror qabul qilingan.

Shunday boʻlsa-da, Nafisa Aliyeva hamon binoni turli bahonalar bilan boʻshatmasdan kelmoqda. Ushbu manzilga press-tur ishtirokchilari borgan paytda ham Nafisa Aliyeva betobligini vaj qilib kelishdan bosh tortdi. Muammoni hal qilish mutasaddilar hukmiga havola.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер