Dard arimoqchi boʻlsa, tabib oʻz oyogʻi bilan kirib keladi
Foto: Xalq soʻzi
Chindan ham salomatlik boʻlmasa, kishiga hech narsa tatimaydi. Olam goʻzalligiyu, tonglar munavvarligi ham koʻzga koʻrinmaydi.
Xatirchilik Mastura Poʻlatova Navoiy viloyatining olis togʻ qishlogʻidan. Toʻrt farzandning onasi boʻlmish bu ayol qishloq ahlini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida kelgan malakali shifokorlar guruhiga uchrashib, uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan dardini aytdi.
— Nimasini aytay, roʻzgʻor tashvishlari bilan boʻlib, ancha oʻtkazib yuboribman, — deydi M. Poʻlatova. — Shifokorlarning aytishicha, yana bir oy choʻzganimda umrbod nogiron boʻlib qolarkanman.
Dard arimoqchi boʻlsa, tabib oʻz oyogʻi bilan keladi, deganlaricha bor. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mobil poliklinika shifokorlarining Xatirchi tumanining Oltinsoy qishlogʻiga tashrifida 400 nafardan ortiq fuqaro chuqurlashtirilgan profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
֫— Koʻrik natijalariga koʻra qishloq ahlining 87 nafarida turli xastaliklar aniqlandi, —deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Orzugul Aʼzamova. – Ularning besh nafariga ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida, 19 nafariga esa tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonalarida davolanishlari uchun yoʻllanmalar berildi. Shuningdek, qolgan 63 nafar fuqaroga esa qishloqdagi oilaviy poliklinikada davolanishlari uchun muolajalar tayinlandi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi dasturiga muvofiq shu kunga qadar viloyat boʻyicha yuz ming nafarga yaqin aholi chuqurlashtirilgan profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning yuz nafaridan ortigʻida murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Qiziltepa tumanida esa mazkur dastur doirasida joriy yil 57 ming nafar 18 – 40 yosh oraligʻidagi aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish rejasi ishlab chiqilgan. Shu kunga qadar ularning 26 861 nafari profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 17 436 nafar 1-tayanch va 6350 nafar 2- tayanch guruhiga kiruvchi, 2297 nafar 3-xavf va 78 nafar 4- yuqori xavf guruhiga mansub bemorlar aniqlandi hamda sogʻlomlashtirish choralari belgilandi.
— Aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish koʻrinishidagi bu kabi tadbirlar barcha hududlarni qamrab olib, ularning muntazamligi taʼminlanmoqda, —deydi O. Aʼzamova. — Ammo salomatlikni asrashda kasallikni erta aniqlashdan ham koʻra ustuvorroq bir omil borki, uning oʻrnini birorta ham muolaja bosolmaydi. Bu sogʻlom turmush tarziga amal qilish, sport bilan muntazam shugʻullanish va toʻgʻri ovqatlanishdir. Shu sabab chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar bilan birga mazkur masalada ham keng koʻlamdagi targʻibot tadbirlari olib borilmoqda.
Inson sogʻligʻini asrash va muolaja samaradorligiga erishishda yana bir omilni taʼkidlamoq joiz, bu kasallikning dastlabki belgilaridayoq paysalga solmay shifokorga murojaat qilishdir. Mazkur masalada sayyor tibbiy koʻriklar qoʻl kelayotgani shubhasiz.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring