Dangʻara tumanida yomgʻirlatib sugʻorish tizimini joriy etishda nega sustkashlikka yoʻl qoʻyilyapti?

18:55 20 Oktyabr 2023 Jamiyat
233 0

Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanida qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan 1200 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan edi. Ammo bugungi kunga qadar bu borada belgilangan ishlar sustkashlik bilan olib borilmoqda. Xoʻsh, bunga sabab nimada?

Qishloq xoʻjaligida kuzgi yumushlar, xususan, ichki ariq-zovurlarni tozalash, shoʻr yuvishga tayyorgarlik, toʻqsonbosti ekinlar ekishni yakunlash, suv inshootlarini qurish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan kengaytirilgan amaliy–seminarda muhim vazifalar tahlil va tanqid ruhida muhokama qilindi.

Seminarda Dangʻara tumani hokimi Shuhratjon Tojihakimov qishloq xoʻjaligida suv tejamkorligiga erishish maqsadida tumanda 1200 gektar yerda yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgani, lekin belgilangan yumushlar sust bajarilayotganini tanqid qildi. Taʼkidlanganidek, bu borada tumanning ekin maydonlarini sugʻorish qiyin boʻlgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari uch tomonlama shartnoma tuzishni paysalga solib kelmoqda. Hozirgacha 551 gektar yerga shartnoma tuzilgan, xolos. Vaholanki, shartnoma imzolansa, fermer xoʻjaligi dalalariga mazkur texnologiyalarni oʻz vaqtida oʻrnatish boʻyicha muammo boʻlmaydi.

Yurtimizda suv resurslari tobora taqchil boʻlib borayotgan bugungi sharoitda suv tejash texnologiyalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Yigʻilishda buning uchun har bir hudud kesimida ishni reja asosida tashkil etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

— Yuzma–yuz muloqotda oʻz xoʻjaligida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish niyatidagi fermerlar ham qatnashdi, — deydi “Sirdaryo–Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Hamidjon Burhonov. — Yigʻilishda yomgʻirlatib sugʻorishning afzalligi tumandagi “Ovul tongi” fermer xoʻjaligi misolida tushuntirildi.

Fermer xoʻjaligida 30 gektar yerga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilayotgan boʻlib, dastlabki hisob–kitoblarga qaraganda ushbu texnologiya hosil yetishtirish tannarxini bir necha barobarga qisqarishi, oʻz navbatida daromad salmogʻi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Seminar yakunida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini amalga tatbiq etish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish va belgilangan yumushlarni sifatli bajarish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер