Dada, sizni juda yaxshi eshityapman — Hilola Abdumoʻminova
Foto: "Xalq soʻzi"
Ijtimoiy himoya Milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi vakillari Uchqoʻrgʻon tumanidagi 46-maxsus maktab internati oʻquvchilari huzuriga oʻziga xos Yangi yil sovgʻasi bilan kirib keldilar. Muassasaga joriy oʻquv yilida qabul qilingan 30 nafar zaif eshituvchi oʻgʻil-qizlarga xorijda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli eshitish moslamalari topshirildi.
Ayni jarayonda bolajonlarning har biri ixtisoslashtirilgan mutaxassis shifokor tomonidan yana bir karra tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, moslamani eshitish darajasiga sozlagan holda ularga taqdim etildi.
— Moslamadan foydalana boshlagan qizim Hilola “Dadajon, sizni juda yaxshi eshityapman”, deganida koʻzimdan yosh chiqib ketdi, — deydi Anvarjon Abdimoʻminov. — Biz bunday lahzani qancha kutgandik, axir. Eʼtiborli jihati, bir jufti 4 ming dollar turadigan eshitish jihozi farzandlarimizga bepul yetkazib berilyapti, bu davlatimizning yosh avlodga gʻamxoʻrligining yana bir amaliy ifodasidir.
Aytish lozimki, zaif eshituvchi bolalarni maxsus moslama bilan taʼminlashning navbatdagi bosqichi respublikaning barcha viloyatlaridagi maxsus maktab internatlarda amalga oshirilib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan ularga 1 mlrd. 399 mln. soʻmlik qiymatdagi 700 dona zamonaviy eshitish apparatlari topshiriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring