“Covid-19”ning ilk alomatlaridan ogohlantiruvchi aqlli uzuk yaratildi
Foto: wonder
Finlyandiyaning “Oura” startapi gripp va “Covid-19”ning asosiy alomatlarini aniqlashga yordam beradigan aqlli uzuk sinovini yakunladi.
“UC San Diego” nashri xabariga koʻra, “Oura” uzugi odamning harorati, yurak urishi, nafas olish hamda faollik darajasini qayd etib boradi.
«Uzukning dastlabki sinov natijalari infeksiyaning asosiy alomati boʻlmish isitmaning hammada har xil boshlanishini, shu bois xastalikning dastlabki bosqichida odam oʻzini atrofdagilar uchun xavfli ekanligini umuman bilmasligi mumkinligini koʻrsatdi», deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, olimlar harorat oʻzgarishini oʻrganish bilan bir qatorda uni yurak urish tezligi hamda yurak ritmi, shuningdek, nafas olishning oʻzgarishi bilan taqqoslab, xastalikni yuqtirib olgan paytda baʼzi odamlarda yurak urishining tezlashishini, boshqalarda esa isitma koʻtarilishini aniqlashgan.
“Ushbu uzuk maʼlum bir odamning sogʻligʻi holatini kuzatib boradi va unga xos boʻlgan oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda foydalanuvchiga bu haqda xabar beradi. Agar sunʼiy intellekt ularning barchasini doimiy ravishda tahlil qilsa, isitmani dastlabki bosqichda aniqlash ancha oson boʻladi”, deydi gʻoya mualliflari.
Ayni paytda mualliflar “Covid-19” tashxisi qoʻyilganidan soʻng oʻzlarining tibbiy maʼlumotlarini ishlab chiquvchilarga taqdim etgan 50 nafar bemorning kuzatuv natijalarini eʼlon qilishdi.
Qayd etilishicha, tadqiqot jarayonida jami 65 ming koʻngilli ishtirok etadi.
“Maʼlumotlarning bunday hajmi gripp va “Covid-19”ning asosiy alomatlari boʻlmish — isitma, yoʻtal hamda charchoq paydo boʻlishini oldindan ayta oladigan algoritmni ishlab chiqishga imkon beradi”, deydi olimlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring