Chustda “rak“ni davolaydigan suv chiqqani rostmi?
Ikki kundan buyon internet olamida shov-shuv. Namangan viloyatining Chust tumanida yer ostidan shifobaxsh suv chiqibdi. U saraton va boshqa koʻplab kasalliklarga davo emish!
“Xalq soʻzi online”ning oʻrganishicha, tumandagi “Tomchi zamin” fermer xoʻjaligi rahbari Abdusattor Yoʻldoshev 20 gektar tashlandiq yerda bogʻ yaratish uchun 350 metrlik artezian qudugʻi kovlatadi. Uning suvidan ichgan biri kishi astmadan, yana bir kishi esa terisiga surtib, 20 yillik yarasidan xalos boʻlgani haqidagi gap-soʻzlar bolalab ketib, butun mamlakatga tarqaldi.
Fermer internet nashrlarga bergan invervyusida ilmiy tekshirish instituti xodimlari suv tarkibida noyob mineral — selen borligini aytmoqda. Lekin bu xulosasini qaysi institut bergani haqida lom-mim demagan.
Oʻzbekistonning deyarli hamma joyidan odam oqib borayotgan quduq suvi rostdan ham shifobaxshmi? Yoki pul topish ilinjida oʻylab topilgan navbatdagi tuzoq?
Masalaga oydinlik kiritish uchun Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi mutaxassislari bilan bogʻlandik.
— Quduqni burgʻilash ishlari qoʻmita tomonidan olib borilmagan, undan chiqqan suv tarkibi esa mutaxassislarimiz tomonidan hali tahlil etilganicha yoʻq, — deydi qoʻmitaning Gidrogeologiya boʻlimi bosh mutaxassisi Jahongir Inoyatov. — Odamlarning katta qiziqishiga sabab boʻlayotgan bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Namangan gidrogeologiya stansiyamiz mutaxassislarini suvdan namuna olish uchun joʻnatganmiz. Suv tarkibini tahlil qilganimizdan keyin bu borada aniq xulosa beramiz.
Ehtimol, quduq suvi haqiqatan shifobaxsh boʻlib chiqar. Ammo odamlarning ming-ming kilometr yoʻl bosib, hali toʻliq oʻrganilmagan suv uchun navbatga turishganidan hayronu lol boʻlmay iloj yoʻq. Bu soddalikmikan yo oʻta ishonuvchanlik?
Aftidan, “Ixlos qilsang — choʻpdan” aqidasi xalqimizning qon-qoniga singib ketgan koʻrinadi.
Hali Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi mutaxassislari xulosasini olmasimizdan, Namangan viloyati DSENM xabar keldi. Markaz mutaxassislari Chustdagi quduq suvi laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazilganda isteʼmol uchun yaroqsiz boʻlib chiqibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring