Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda

19:36 23 Sentyabr 2023 Jamiyat
1628 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 21-sentyabr kuni Chust tumanidagi bir qator maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 71 nafar tarbiyalanuvchisi tana harorati koʻtarilishi, qusish, qorin ogʻrigʻi alomatlari bilan shifoxonaga olib kelingan edi. Ulardagi noxush holat bolalar bogʻchalarida berilgan yod va antistrumindan zaharlanish bilan bogʻliq, degan taxminlar tarqaldi.

Kecha oqshom Namangan shahrida ayni masala yuzasidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida   respublika sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Elmira Bositxonova   ishchi guruhning dastlabki xulosalari haqida axborot berdi. Muloqot davomida vazir oʻrinbosari bolalarda kuzatilgan holat dastlabki tekshiruvlarga koʻra, dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emas balki, oʻtkir respirator infeksiya bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkinligini taʼkidlab, hozirda 20 ga yaqin analiz xulosalari olingani va chuqurlashtirilgan tahlillardan soʻng vaziyatga aniqlik kiritilishini bildirdi.

—  Ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan turli xabarlarga ishonavermaslik, bunday jarayonda faqatgina mutaxassislarning fikriga tayanib axborot tarqatilishi kerak. Ayni paytda salomatligidan shikoyat qilib kelayotgan bolalarning 85 foizi sogʻligʻi yaxshilanib, uylariga qaytishga birin-ketin ruxsat berilmoqda. Qolganlari kunning boshida roʻyxatga olingan boʻlib, ularning ham ahvoli yaxshilanib bormoqda, — dedi respublika ishchi guruhi rahbari E.Bositxonova.

Maʼlumot uchun, sogʻliqni saqlash vazirligi Namanganda oʻnlab bolalarning salomatligi yomonlashishiga sabab qilib koʻrsatilayotgan “Kaiy yodid 1 mg (0.001) tabletka №100 (“Antistrumin)” dori vositasi isteʼmolini laboratoriya xulosalari chiqquniga qadar zudlik bilan vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida topshiriq berdi.

                                                                                  Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер