Chorvadorlar naslchilik qoidalariga qay darajada amal qilyapti?
Nurota azal-azaldan chorvachilikda dong taratgan hudud. Bepoyon yaylov, chorvabop qiru adirliklarda mol bosh sonini koʻpaytirishning bir qator imkoniyatlari mavjud. Mazkur resurslarda soʻnggi yillarda keng foydalanish, xususan chetdan naslli qoramollar keltirish va mahalliy qoramollar zotlarini yaxshilash boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, joriy yilda qoramolchilikni rivojlantirish dasturiga asosan “Sherzod nur tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 milliard 800 million soʻmlik bank krediti evaziga Fransiyadan 66 bosh golshteyn zotli sut yoʻnalishidagi qoramolchilik loyihasi ishga tushirildi. Bundan tashqari, “Barot bobo 2022” MCHJ tomonidan 60 bosh va «Golden FFF» fermer xoʻjaligi tomonidan 41 bosh goʻsht yoʻnalishidagi qoramolchilik loyihalarini ishga tushirish boʻyicha tarmoq jadvallari tasdiqlanib, amalda «Golden FFF» fermer xoʻjaligining 450 million soʻm oʻz mablagʻlari evaziga Qozogʻiston davlatidan 41 bosh goʻsht yoʻnalishidagi naslli qoramol keltirildi.
Tumanda naslli chorvani talab darajasida saqlash va koʻpaytirish, bu boradagi qonun, meʼyor va qoidalarga amal qilinishi qay darajada? Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Nurota tuman boʻlimi tomonidan 2020-yilning oʻtgan davrida ayrim chorvachilik-naslchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda ana shu savolga javob topish va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Oʻrganish va tekshirishlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonuniga hamda bu sohadagi huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etilmayotganligi holatlari aniqlandi.
Xususan, 2020-yilning oʻtgan davrida “Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish sohasi”da 3 ta qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi, 17 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatildi, 43 nafar shaxs normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida rasman ogohlantirildi. 6 ta yozma koʻrsatmalar berildi.
— Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida qorakoʻlchilik-naslchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlarda bir qancha qonunbuzilishlar sodir etilgani aniqlandi — deydi «Oʻzagroinspeksiya» Nurota tuman boʻlimi katta inspektori Muhammad Hoshimov. — Jumladan, qorakoʻl-naslchilik bilan shugʻullanuvchi “Nurota qorakoʻl naslchilik”, “Qizilcha qorakoʻl naslchilik”, “Istiqlol qorakoʻl naslchilik”, “Gʻozgʻon naslchilik” MCHJlarning 17 nafar bosh choʻponlari Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi talablarini buzib, MCHJga tegishli boʻlgan javobgarligidagi naslli mayda shoxli chorva mollari bilan birgalikda oʻzining shaxsiy boshqa turdagi mayda shoxli chorva mollarni qoʻshib boqib, qonunbuzarlik holatlarini sodir etgan. Ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 92-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilib, mazmunan koʻrib chiqish uchun tuman maʼmuriy sudiga yuborildi. Sudning qarorlariga asosan maʼmuriy huquqbuzarliklarga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.Ushbu holat boʻyicha MCHJ rahbarlariga qonunbuzilish holatlari, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, nazorat tadbirlarida sunʼiy urugʻlantirish hisobotlarini haqqoniy toʻgʻri yuritmaganlik holati boʻyicha ham kamchiliklar aniqlangan. Holat boʻyicha yigʻilgan materiallarga qonuniy chora qoʻllash uchun tuman prokuraturasiga yuborildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz chorvada nasl buzilishi uning mahsuldorligi, mahsulot sifati va pirovard natijada tashqi bozorda raqobatbardoshliligiga jiddiy putur yetkazadi. Bunga Nurota qorakoʻlchiligining yaqin oʻtmishi yaqqol misol boʻlishi mumkin. Naslni tozalash esa uzoq va mashaqqatli mehnatni talab etadi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring