Chorvachilik tarmoqlari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi
Qishloq joylarida yashovchi fuqarolar chorva oilaning barakasi ekanini yaxshi biladi. Chunki hovlisida bitta sogʻin sigiri bor roʻzgʻorning dasturxoni fayzli, qoʻshimcha daromadli boʻladi. Bugun yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad ham aholining arzon, sifatli goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashdir.
Maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda respublikamizda 13,2 mln bosh qoramol, 22,4 mln bosh mayda shoxlilar mavjud boʻlib, chorvachilikka ixtisoslashgan 7 ming yaqin xoʻjalik faoliyat yuritmoqda. Xususan, 34 qoramolchilik, 13 parrandachilik, 36 baliqchilik va 15 ta asalarichilik klasterlari tashkil etildi.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari va aholining bu mashgʻulot bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilib, mazkur sohada islohotlarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrildi. Birgina 2020-yilda qiymati 1 trln. 800 mlrd. soʻmlik 932 ta, jumladan, chorvachilik sohasida 789 mlrd. soʻmlik 506 ta, parrandachilikda 348 mlrd. soʻmlik 183 ta, baliqchilikda 550 mlrd. soʻmlik 134 ta va quyonchilik sohasida qiymati 98 mlrd. soʻmlik 109 ta loyihalar amalga oshirildi.
Prezidentimiz joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida qaysi viloyatga tashrif buyurmasin, chorvachilik mavzusiga alohida toʻxtalib, soha mutaxassislari va mutasaddilari oldiga aniq vazifalar qoʻymoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan chorvachilik sohasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar aholini arzon goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlashda qoʻl kelyapti.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yana-da qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizdagi naslli chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatayotgan klaster korxonalari hamda fermer xoʻjaliklari uchun katta imkoniyatlarni yaratib berishiga aminman.
Nega desangiz, qaror bilan 2021-yil 1-martdan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kompensatsiya va kafilligidan foydalangan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yoʻnalishidagi krediti boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlik subyektlariga, ularning kredit boʻyicha qarzdorligi toʻliq qoplanmaguncha, yangi kreditlar boʻyicha jamgʻarmaning kafilligidan yana foydalanishga ruxsat berilmoqda.
Joriy yil 1-yanvardan boshlab 2024-yil 1-yanvarga qadar naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan keltirilgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda ularni olib kirishda hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash muddati 180 kunga uzaytirilib, toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining hisobot davri yakunidagi salbiy farq summasi soliq toʻlovchining arizasiga asosan tezlashtirilgan tartibda 20 kundan kechiktirmasdan qoplab beriladi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik xoʻjaliklariga – oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 soʻm hamda sutining har bir litri uchun 200 soʻm miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi.
Bular hali hammasi emas. Ushbu qarorga muvofiq, qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining chorvachilik yoʻnalishidagi loyihalari, ularni amalga oshirish guruhlari loyiha doirasidagi huquq va majburiyatlari, shartnomalar va mol-mulklari bilan birgalikda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga oʻtkazildi.
Endilikda qoʻmita Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish boʻyicha Fransiya taraqqiyot agentligining kredit liniyasini 2021-yil 1-iyuliga qadar hamda Jahon banki kredit liniyasini 2021-2022-yillarda jalb qilish choralarini koʻradi.
Bulardan tashqari, Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlarida chorvachilikni rivojlantirishga oid loyihalarni amalga oshirishga AT Xalq banki va boshqa tijorat banklari tomonidan 2021-2022-yillarda xorijiy moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi. Vohaga 2021-2022-yillarda chet davlatlardan olib kelinadigan chorva mollarini sotib olish uchun aholi va tadbirkorlik subyektlariga zarur kreditlar vakolatli banklar tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida mavjud resurslar hisobidan ajratiladi.
Xulosa oʻrnida aytganda, chorvachilik serdaromad soha hisoblanadi. Shuning uchun bu sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash lozim. Mazkur qarorning ijrosi aholini sifatli va arzon goʻsht, goʻsht va sut mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash hamda mahsulot narxini barqarorlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring