Chinozdagi korxonada jiddiy qonunbuzarliklar aniqlandi
Illyustrativ foto
Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi korxonada jiddiy qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyatida Nazorat inspeksiyasi tomonidan navbatdagi davlat nazorati tekshiruvi oʻtkazilgan. Nazorat tadbiri Chinoz tumanida faoliyat yuritayotgan “Ch.I.I.” MCHJda amalga oshirilib, tekshiruv davomida bir qator qonunbuzarliklar aniqlangan.
Xususan, “Sopol gʻisht va toshlar. Texnikaviy shartlar” meʼyoriy hujjati talablariga amal qilinmagani maʼlum boʻldi. Korxonada mahsulotlarning shakli va oʻlchamlari nazorat qilinmagan, tashqi koʻrinishi tekshirilmagan hamda texnik tavsiflari aniqlanmagan. Shuningdek, xom ashyo va materiallar kirish nazoratidan oʻtkazilmagan, mahsulotlar tamgʻalanmagan va texnik nazoratdan oʻtkazilmasdan qabul qilingan.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan oʻlchash vositalari davlat metrologik tekshiruvidan oʻtkazilmagani hamda muhim koʻrsatkichlar boʻyicha davriy sinovlar amalga oshirilmagani aniqlangan.
Tekshiruv natijalariga koʻra, korxonada meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etilmagan boshqa kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Bu holatlar orqali Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi qonuni talablari buzilgani maʼlum boʻldi.
Bildirilishicha, hozirda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan korxonaning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish materiallari belgilangan tartibda sud organlariga yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring