Chinning chinni buyumlari azaldan hamkorlik aloqalari ramziga aylangan
Buyuk ipak yoʻli yoqasida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari azal-azaldan savdo karvonlari qoʻnim topadigan, bozorlari gavjum goʻshalardan sanaladi. Ular turli davlatlaru oʻlkalardan, jumladan, Xitoydan kelib savdo-sotiq bilan shugʻullanadigan tijorat ahlini ohanrabodek oʻziga tortgan. Bunga mangʻitlar sulolasining soʻnggi hukmdorlari tomonidan barpo etilgan Sitorai Moxi Xossa saroyidagi choyxonaning “Xitoy uyi” deb ham atalishi dalil boʻla oladi.
— Saroy rasmiy qabullarga moʻljallangan bosh qarorgohining soʻnggi xonasi “choyxona” deb nomlanadi, — deydi Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — Choyxona saroydagi eng yorugʻ, shinam va salqin xona sanalgan. Chunki uning uch tomon devorlari oʻrniga ikki tabaqali oynalar bilan, bir tomon devori esa tokchabandi qilib ishlangan. Chet davlatlardan kelgan hurmatli mehmonlarga choy uzatilib, oʻzbekona mehmonnnavozlik koʻrsatilgan. “Xitoy uyi” deb ham atalishi sababini esa bu yerdagi chinni buyumlar kolleksiyasining asosiy qismi Chin yurtidan keltirilgani bilan izohlash mumkin. Muzeyda xitoylik hunarmandlar mehnati mahsuli sanalgan guldon, gultuvak, qanddon, oftoba, chilim, kosa, shokosa, lagan, qirgʻogʻi baland likob kabi 160 taga yaqin qadimiy chinni buyumlar saqlanmoqda.

Ular Gʻulja, Qashqar va Xitoyning markaziy provinsiyalaridagi hunarmandlar tomonidan tayyorlangan. Buyumlarda Oʻrta Osiyo xalqlari didiga mos anʼanaviy islimiy, oʻsimliksimon naqshlar birga ramziy maʼnoli naqshlardan — tabiat manzaralari, shahar qoʻrgʻonlari, odamlar, parrandalar, sherlar, xitoycha ashyolar tasvirlangan buyumlar ham bor. Bu yodgorliklarda naylar, mevalar, iyerogliflik qogʻoz oʻramlari, kitoblar tasvirlangan.
Har bir tasvir, gul, naqsh, predmet, manzara oʻziga xos maʼno va mazmunga ega. Chunonchi, toʻplamdagi buyumlarda tez-tez uchraydigan koʻrshapalak — boylikni, uzoq umrni, ot-olov ramzi, it — sadoqatni, shaftoli — salomatlikni, nilufar — baxtni anglatadi. Koʻk, sariq va yashil ranglardagi idishlar har doim eʼzozda boʻlgan.
— Ikki xalq oʻrtasidagi azaliy doʻstlik bugungi kunda hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda oʻziga xos koʻprik vositasini oʻtamoqda, — deydi Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Mahmud Oripov. — Birgina viloyatimizda ayni paytda xitoylik sarmoyadorlar ishtirokidagi 34 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Viloyat bilan Chin yurti oʻrtasidagi savdo aylanmasi esa salkam 27 foizni tashkil etmoqda. Yaqin istiqbolda bu hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilishiga shak-shubha yoʻq.
Yurtimiz muzeylarida koʻz qorachigʻidek asrab kelinayotgan Xitoyning 400-yillik tarixga ega noyob chinni buyumlariga kelsak, nazarimizda, ular allaqachon xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik ramziga aylangan. Buyuk ipak yoʻlining timsoli boʻlib turgan bu kabi osori atiqalar yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarni ham oʻziga maftun etmoqda. Bular zamirida sharqona mehru muhabbat, hurmat-ehtirom yotgan boʻlsa ne ajab.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring