“Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti qurilishi jadallashtiriladi
Mamlakatimizning turizm salohiyatini yanada oshirish, innovatsion turizm infratuzilmalarini yaratish va ularga investitsiyalarning jalb qilinishini tashkil etish, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida joriy yil 8-avgust kuni Oʻzbekiston Prezidentining “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.
Unda Oʻzbekiston hukumati va Fransiya hukumati oʻrtasida 2021-yil 10-mayda “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish loyihasini amalga oshirish uchun Moliyaviy protokol hamda ushbu protokol boʻyicha 2022-yil 22-noyabrda ikki davlat hukumatlarari oʻrtasida 47,9 million yevro miqdoridagi qarz mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan Amalga oshiruv kelishuvi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilingan.
Hujjatda Adliya vazirligi tuzilgan Amalga oshiruv kelishuviga belgilangan tartibda yuridik xulosa berishi qayd etilgan.
Ushbu qarorda loyiha doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan 20 million AQSH dollari miqdorida taqdim etiladigan kreditning garov taʼminoti sifatida “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha loyiha ofisi” davlat unitar korxonasi tomonidan sotib olinadigan uskunalar belgilanishi ham oʻz ifodasini topgan.
Loyiha hududi chegarasigacha tashqi muhandislik tarmoqlari va infratuzilma obyektlarini barpo etish ishlarini bajarishda “Oʻzsuvtaʼminot” AJning “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” UK – suv taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini qurishi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ – elektr energiyasi bilan taʼminlashi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi – Loyiha hududidagi davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻlini qurish (yoʻl boʻyida tashqi yoritish vositalarini oʻrnatish hamda obodonlashtirishni inobatga olgan holda) va loyiha doirasida 2 515 m balandlikdagi oʻrta-stansiyasigacha vaqtinchalik yoʻl oʻtkazishi, shuningdek, “Oʻzbektelekom” AK – telekommunikatsiya tarmoqlarini tortish va oʻrnatish ishlarini bajarish boʻyicha buyurtmachi etib belgilanishi qayd etilgan.
Qarorda buyurtmachi etib belgilangan tashkilotlar ikki oy muddatda loyiha tashkilotlarini oʻrnatilgan tartibda oʻtkaziladigan tanlov (tender) savdolari orqali aniqlab, ular tomonidan loyihalashtirish ishlarining boshlanishini taʼminlashi belgilangan.
Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Oʻzbektelekom” AK Loyiha hududi chegarasigacha tashqi muhandislik tarmoqlari va infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha amalga oshiriladigan qurilish-muhandislik ishlarining 2024-yil Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini, shuningdek, mazkur dastur doirasida hududlarni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlashi qayd etilgan.
Yuqoridagilar bilan birga, loyihani amalga oshirish doirasida 2024-yil 31-dekabrga qadar
- Loyiha ofisiga, istisno tariqasida, muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma obyektlaridan tashqari qismi uchun qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda (parallel loyihalashtirgan holda) bajarishga ruxsat berilishi;
- jalb qilingan pudratchi tashkilot, shuningdek, Fransiya kompaniyalarining Konsorsiumi aʼzosi boʻlgan “Patriarche”
kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston hududida loyihalashtirish faoliyatini amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari, tashkilotlari, jamiyatlari va birlashmalari tomonidan berilgan ruxsat beruvchi hujjatlar (litsenziyalar)ga asosan amalga oshirishi inobatga olinishi belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring