Chegara hududdagi «Arbagʻish» qishlogʻida muhtasham bogʻcha qurildi

15:11 23 Fevral 2023 Jamiyat
733 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyatining qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegaradosh «Arbagʻish» qishlogʻi Chortoq tumani markazidan qariyb 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerda yashaydigan 4 ming 770 nafar aholining 370 nafari 3 – 7 yoshdagi bolalardir. Keyingi paytda bu bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish hududning dolzarb muammolari qatoridan oʻrin olgan edi. Boisi, uzoq yillar avval qishloqda ikkita bolalar bogʻchasi boʻlgan, keyinchalik ulardan bittasi yopilib, qolgan bittasi 4-sonli bogʻchaning filiali sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. Bu bogʻcha binosi ham 1971-yilda sinchdan qurilgan boʻlib, butunlay eskirib boʻlgan.

Endi qishloqning barcha qulayliklarga ega zamonaviy bogʻchasi bor. Gap shundaki, 29-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti sifatida mustaqil ish boshlagan yangi muassasa uchun 4,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga ikki qavatli muhtasham bino barpo etildi.

— 6 ta guruh tashkil etdik va ularga 180 nafar oʻgʻil-qiz qabul qilindi, — deydi 29- DMTT direktori Mahliyo Boʻtayeva. — Bundan tashqari joriy oʻquv yili boshidan buyon hududimizdagi 21-maktabda uchta bir yillik bepul tayyorlov guruhlari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, muassasamiz qoshida ish boshlagan «Aqlvoy» mobil bogʻchasi qoʻshni «Baliqkoʻl» hamda «Beshtol» mahallalarida yashovchi yuz nafar bolani qamrab olgan.

Yangi MTTning tantanali taqdimoti olis qishloq ahli uchun chinakam bayramga aylandi. Bu yerga toʻplangan ota-onalar yaratilgan imkoniyat farzandlarini maktabga tayyorlashda mustahkam zamin boʻlishi, dilbandlari tarbiyasidan endi xotirjam ekanini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер