Charaqlagan quyoshdan xonadonlar charogʻon

16:25 25 Yanvar 2024 Jamiyat
397 0

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish Navoiy viloyatida ham tobora ommalashib bormoqda.

Shu kunga qadar viloyatning 476 ta ijtimoiy soha obyektlarida 12,3 MVt, shuningdek aholi xonadonlarining 1 210 tasida 2,1 MVt, shu bilan birgalikda 25 ta foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylarga 0,6 MVt qayta tiklanuvchi energiya manbalari oʻrnatilib, jami 2 504 ta obyektda 25.2 MVt quvvatli quyosh panellari ishga tushirildi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, 25,2 MVtli quyosh panellaridan 1 oyda oʻrtacha 3,8 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu taxminan 13 mingta xonadonning 1 oylik elektr energiyasi isteʼmoliga teng.

Viloyatda oʻrnatilgan energiya manbalarining 792 tasi, yaʼni qariyb uchdan bir qismi tadbirkorlar hissasiga toʻgʻri kelib, ular quyoshdan 10,2 MVt quvvatga teng elektr energiyasi olishmoqda. Bu oʻrtacha toʻrt ming aholining bir yillik elektr energiyasi isteʼmoliga teng demakdir.

— Biz yaqinda 20 kVli quyosh panelini oʻrnatdik, — deydi navbahorlik tadbirkor Nasiba Jumayeva. — Oʻz ehtiyojimizga yetib ortadi. Eng muhimi, elektr energiyasi taʼminotida birorta ham muammoga duch kelayotganimiz yoʻq. Nasib etsa, ortiqcha elektr energiyasini sotishni rejalashtirib, turibmiz.

Tadbirkorlar oʻrtasida olib borilayotgan tushuntirish va targʻibot ishlari natijasida tadbirkorlik obyektlarga 50, 100 kVt quvvatli panellar oʻrnatilib, ishlab chiqarilgan elektr tokini tarmoqqa sotish hisobiga oylik daromad topayotgan tadbirkorlar soni ham ortmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер