Buyuk Britaniya Oʻzbekistonni JSTga aʼzo boʻlish jarayonida qoʻllab-quvvatlaydi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 9-fevral kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayoni doirasida Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tim Torlot hamda Britaniya Biznes va savdo departamenti mutaxassislari bilan ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Muzokaralarda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Muzokaralar guruhi aʼzolari, shuningdek, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qoʻmitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.
Suhbat chogʻida Britaniya tomoniga Oʻzbekiston tomonidan Tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhining navbatdagi, 6-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlar boʻyicha Buyuk Britaniya mutaxassislarini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoniga texnik koʻmak koʻrsatish loyihasi doirasida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha kelgusida hamkorlikni davom ettirish va ikki tomonlama muzokaralar jarayonini jadallashtirish boʻyicha aniq qoʻshma chora-tadbirlarni koʻrishga tayyorlik bildirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring