Bundan buyon muzeylardagi sharoitlarga viloyat hokimlari javobgar boʻladi — Shavkat Mirziyoyev
Foto: president.uz
Prezident raisligida turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yigʻilishda turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi muhokama qilinmoqda.
Oʻtkazilgan tekshirishlarda respublika boʻyicha 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani qayd etildi.
Jumladan, Buxoro davlat muzeyida jami 31,5 milliard soʻmlik 81 ta madaniy boyliklar qalbakilariga almashtirib qoʻyilgani aniqlangan. “Ichan-Qalʼa” davlat muzey fondida jami 101 ta muzey ashyolari asliga toʻgʻri kelmasligi maʼlum boʻldi.
Umuman, 30 yilda madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion soʻmdan oshgan.
Shu bois, Bosh prokuror va turizm vaziri boshchiligidagi komissiyaga:
— barcha muzeylar eksponatlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, yil yakuniga qadar ularning elektron bazasini yaratish;
— muzeylar rahbar va xodimlarining bilim va malakasini baholab, lavozimiga noloyiq rahbarlar oʻrniga bilimli, halol va tadbirkor yoshlarni qoʻyish topshirildi.
“Bundan buyon muzeylardagi sharoitlarga viloyat hokimlari javobgar boʻladi”, dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring