Bulungʻurda Fozil Yoʻldosh tavalludining 150-yilligini nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Joriy yilda milliy dostonchilik maktabining yirik vakili Fozil Yoʻldosh oʻgʻli tavalludining 150-yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan baxshi tugʻilib oʻsgan Bulungʻur tumanida uning faoliyati va ijodini yoritish, adabiy merosini ommalashtirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlarni oʻtkazishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Aytish kerakki, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 18-martdagi qarori asosida Bulungʻur tumanida Fozil Yoʻldosh nomi bilan bogʻliq obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun viloyat byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 4,7 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan edi. Ana shu mablagʻning 3,3 milliard soʻmi hisobidan Fozil Yoʻldosh uy-muzeyi oʻrnida zamonaviy majmua qurildi, uning yonida joylashgan 2-sonli madaniyat uyi binosi toʻliq qayta taʼmirlandi. Shuningdek, bino atrofidagi 1 gektarga yaqin maydon obodonlashtirilib, aholining hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
— Eski uy-muzeyida madaniy tadbir oʻtkazish u yoqda tursin, eksponatlarni joylashtirishga ham joy torlik qilar edi, — deydi Fozil Yoʻldosh uy-muzeyi rahbari Nodir Rahimov. — Yangi bino katta kirish zali va 3 ta bir-biriga tutash xonadan iborat. Bu xonalarda Samarqand baxshichilik maktabi, xususan, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli hayoti va ijodiga oid eksponatlar, tumanimizning folklor guruhlari faoliyati, erishgan yutuqlari koʻrgazmasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu joy endi tumandoshlarimiz uchun tariximizni oʻrganish va madaniy dam olish maskani boʻldi.
Muzey hovlisida Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining byusti joylashtirilgan. Milliy ruhda bezatilgan favvora, keng va koʻrkam xiyobon majmua koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi.
Bulungʻur tumani markazidagi xiyobonda Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining salobatli haykali qad rostlab turibdi. Oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda ham katta obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, baxshining haykali ortidagi inshoot barelyef janridagi ijod namunasi bilan bezatildi. Unda mahoratli rassom Said Ibragimov tomonidan Alpomish dostonining asosiy qahramonlari aks ettirilgan.
Darvoqe, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli mangu qoʻnim topgan “Gʻishtli ota” qabristoni ham obodonlashtirilib, xalq baxshisining qabrini ziyorat qilish uchun tashrif buyuruvchilarga zarur sharoitlar yaratildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring