«Bulbul nola aylamakni mendan oʻrgandi...»
Foto: Xalq so‘zi
Umrining katta qismi alam, gʻam-gʻussa, azob va yolgʻizlikda oʻtgan mumtoz shoira Jahon otin Uvaysiy haqida nimalarni bilamiz?
Oʻzbek adabiyoti tarixida shunday bir davr boʻldiki, bir qator ayol ijodkorlar fasohat gulshaniga dadil kirib keldilar. Ular Jahon otin Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno kabi oʻtkir qalam sohibalari edilar. Jahon otin Uvaysiy mumtoz adabiyotmizda shoiralarning zabardasti, ham ustozlaridir.
Uvaysiy shoiralar ichidagina emas, balki XIX asrning birinchi yarmi adabiy merosining hajmi va mavzu koʻlami, gʻoyaviy mohiyati, mazmun salmoqdorligi, badiiy tasvir tarovati jihatidan yirik namoyandalar qatorida turadi. Ammo adabiyotimizda oʻzining sermahsul ijodi bilan oʻn besh ming misralik adabiy meros qoldirgan shoiraning hayoti nihoyatda ogʻir kechgan.
Jahon otin Uvaysiyning umr daftari munavvar sahifalar bilan boshlanib, bagʻriqon lavhalarda tugallangan. Uvaysiyning umr mazmuni fojea, hayot saboqlari mujassamlashgan varaqlar, bu varaqlarda qontalash gʻunchalar yangligʻ naqshlangan sheʼrlar majmuasi – devon bizga meros qolgan. Uvaysiy merosidan yodgor qolgan bir qancha qoʻlyozma kitoblar uning avlodlari, xususan, nevarasi Holjon otin – shoira Magʻziy tomonidan tortiq etilgan. Bu qoʻlyozmalar hajmi, tarkibi, shakli jihatidan turlicha nusxalar boʻlib, ularning eng mukammalida 5628 bayt yoki 11256 misra sheʼr mavjud. Bu koʻlamli merosda devon hamda “Shahzoda Hasan” va tugallanmay qolgan «Voqeoti Muhammadalixon» dostonlari mujassam boʻlgan.
Devon yaratish Sharq adabiyotining qadimgi qutlugʻ anʼanalaridan biridir. Sharqda devon tuzish shoirning yetuklik belgisi boʻlgan. Shoirlar oʻz devonining mazmundor va rang-barang boʻlishiga katta eʼtibor qaratganlar. Devon forscha toʻplam demakdir. Devon tuzishga loyiq sheʼriyatga ega boʻlish hamma shoirga ham nasib etavermagan, har bir shoir devon yaratishi shart ham emas edi.
Devonda koʻpincha birinchi oʻrinda gʻazallar va qasidalar, oxirida esa fard va muammolar kiritilgan. Rasmiy mukammal devon tuzishda lirik turga mansub asarlar muayyan tartibda joylashtiriladi. Har bir janrga mansub asarlar radifi tugagan harfga binoan qatʼiy alifbo tartibida tuziladi.
Uvaysiy avlodlari shoiradan toʻrtta devon qolganligini aytadilar. «Uvaysiyning oʻz qoʻli bilan koʻchirilgan devonlardan ikkitasi Magʻziyning yoshlik chogʻida yoʻqolgan, ikkitasini andijonlik loʻli otin Magʻziydan olib ketib yoʻqotgan. Ulardan koʻchirilgan uch nusxa qoʻlyozma devon Andijon davlat pedagogika instituti kutubxonasida saqlanmoqda», deb yoziladi. Xususan, X.Razzoqov, I. Qosimov, Gʻ.Abdullayev, N. Mamatov tomonidan nashrga tayyorlangan “Uvaysiy devoni” soʻzboshisida «Bizga qadar yetib kelgan Uvaysiy devonida gʻazal asosiy oʻrin tutadi. Unda Navoiy, Fuzuliy gʻazallariga bogʻlangan oʻnlab muxammaslar oʻrin olgan. Shoira asarlarida sitamdiyda, hassos, samimiy lirik qahramonni uchratamiz. Uvaysiy sheʼriyatidagi fikr, gʻoyalar, timsolu ifodalar u yashab oʻtgan zahmatli umrning mungli va otashin aks-sadolariday yangraydi», deyiladi.
Darhaqiqat, bu misralar muayyan hayotiy asoslarga ega:
Ki bulbul nola, afgʻon aylamakni mendan oʻrgandi,
Vujudin shamgʻi soʻzon aylamakni mendin oʻrgandi.
Shoira umrining katta qismi ranj-alamdan, gʻam-gʻussadan, azob-uqubatdan, ayriliq va yolgʻizlikdan faryodu figʻon bilan oʻtdi. Shu sabab uning har bir satri nolavor ruh kasb etadi. Shuning uchun shoiraga bulbul hazin va dardli sayrashlarni undan oʻrgangandek taassurot uygʻotadi. Shoira butun umri mobaynida vujudi, ruhi, mehnati, sanʼatini shogirdlar tarbiyasiga, maʼnaviyat va maʼrifat ravnaqiga baxshida etdi.
Borib sahroga qon bagʻrimdin izhor ayladim bir kun,
Falak bagʻrin qizil qon aylamakni mendin oʻrgandi.
Mehr-shafqatsiz ochundan ruhiga mahram, dil jarohatlariga malham topolmagan shoira yarador ohu yangligʻ sahroga yuguradi. Bagʻr qonlarini toʻka-toʻka, dardu hasratilaridan boʻzlay-boʻzlay najot izlaydi. Buning ajoyib tasvirini yaratish uchun shoira ufqning qonrang qizarishi tafsilidan mahorat bilan foydalangan:
Seni izlarman andoqkim, quyosh diydorni izlarda,
Kezib tun-kun, mingtobon aylamakni mandin oʻrgandi.
Shubhasiz, oʻz davrida maktabdorlik qilgan, yoshlarga bilim va ijodkorlik sirlarini oʻrgatgan shoira nomi hamisha barhayot. Margʻilon shahrida 2006-yili tashkil etilgan Jahon otin Uvaysiy muzeyida 200 ga yaqin eksponatlari saqlanmoqda. Bular toshbosma kitoblar, musiqa asboblari, kiyim-kechaklar va uy-roʻzgʻor buyumlari, hatto oʻz davrida shoira foydalangan sandiq qutisi ham bor. Shuningdek, muzeyda shoiraning mashhur asarlari saqlanadi.
Muzeyda 1999-yildan buyon Jahon otin Uvaysiy toʻgaragi ham faoliyat koʻrsatadi. Shu kunga qadar toʻgarakda yuzlab yoshlar ijod olamining siru sinoatidan saboq oldilar.
Goʻzal POʻLATOVA,
shoira.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring