Buxoroning “Eng namunali mahalla raisi” aniqlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab ilk bor mamlakatimizda “Eng namunali mahalla raisi” koʻrik-tanlovi oʻtkazilyapti. Buxoroda ushbu tadbirning viloyat bosqichi gʻoliblari nomi aniqlandi.
Koʻrik-tanlovda ishtirok etgan 13 ta mahalla fuqarolar yigʻini raisining oʻz hududida amalga oshirayotgan xayrli ishlari atroflicha tahlil etildi. Ularning nazariy bilimlari sinovdan oʻtkazildi. Aholi bandligi, jinoyatchilikdan xoli hududligi, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmandlarni qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar alohida eʼtiborda boʻldi.
Yakunda Gʻijduvon tumanidagi “Soktari” mahallasi oqsoqoli Xudoyberdi Ismatov faxrli uchinchi, Kogon tumanidagi “Oʻzbekiston” MFY raisi Akbar Samadov ikkinchi oʻrinni egalladi. Koʻrik-tanlovning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish huquqini beradigan birinchi oʻrin esa Jondor tumani “Namgoni” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Bahromjon Yusupovga nasib etdi.
— Maskanimizni ishsizlikdan xoli hududga aylantiryapmiz, — deydi tanlov gʻolibi Bahromjon Yusupov. — Buning uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan paxta va gʻalladan boʻshagan yerlarni aholiga dehqonchilik qilish uchun ajratib berish amaliyoti bizga qoʻl kelyapti. Keyingi ikki yilda 50 gektar yer fuqarolarimizga ochiq auksion savdolari orqali berildi. Bu tariqa aholi bandligi taʼminlanibgina qolmay, bozorni toʻkin etish imkoniyati ham tugʻildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring