Buxorolik o‘quvchilar Buyuk Britaniya boʻylab sayohat qilmoqda

14:36 20 Dekabr 2022 Jamiyat
608 0

Foto: Xalq so‘zi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun ilk bor oʻtkazilgan “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining mamlakat bosqichida Buxoro shahridagi 40- umumtaʼlim maktabi jamoasi faxrli 2- oʻrinni egallagan va 400 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti hamda Buyuk Britaniyaga taʼlim sayohati vaucherini qoʻlga kiritgan edi.

Ayni paytda mazkur bilim dargohining oʻqituvchi va oʻquvchilardan iborat guruhi «tumanli Albion»da boʻlib, Buyuk Britaniyaning yetakchi taʼlim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Shu jarayonda ingliz tilida emin – erkin soʻzlasha oladigan bu oʻquvchilar oʻz bilimlarini yanada mustahkamlayapti.

— Mamlakatimiz Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilgan tanlovda gʻoliblar safidan oʻrin olganimizdagi his-hayajonni soʻz bilan ifodalash mushkul, - deya telefon orqali taassurotlarini oʻrtoqlashdi yuqori sinf oʻquvchisi Ruxshona Muzaffarova. — Bugun esa Angliyada, dunyoning yetakchi taʼlim dargohlari, jumladan, Kembridj universitetida boʻlish imkoniga egamiz. Shunday shart-sharoitni yaratib bergani uchun davlatimizdan minnatdormiz. Kelajakda dunyodagi ilgʻor taʼlim dargohlarida tahsil olib, malakali kadr sifatida ona- yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshamiz, albatta.

Taʼkidlash joizki, ushbu maktabda 12 nafar ingliz tili oʻqituvchisi faoliyat koʻrsatmoqda.Muallimlarning barchasi xalqaro sertifikatga ega.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер