Buxorolik olimlar yaratgan chigitni saralash uskunasi turdoshlaridan qanday afzalliklarga ega?
Foto: “Xalq so‘zi”
Qishloq xo‘jaligida urug‘larni ekishga tayyorlashda turli uskuna va qurilmalardan foydalanish ayni zarurat. Ammo yurtimiz dehqonlari foydalanadigan uskunalar baʼzi kamchiliklardan xoli emas. Ularning urug‘larni saralash darajasi pastligi, elektr energiyasini ko‘p miqdorda talab qilishi, tannarxining qimmatligi shular jumlasidan.
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va ilmiy-tadqiqot instituti professori A. Yusubaliyev hamda Buxoro muhandislik- texnologiya instituti professori N. Barakayev rahbarligida dotsent Parda Shoyimov va mustaqil izlanuvchi Behruz Murodov tomonidan yaratilgan chigitni dielektrik saralash uskunasi shu muammoning oqilona yechimi bo‘ldi.
- Buxoro viloyatida bahorgi ekish mavsumi uchun 20 ming tonnaga yaqin urug‘lik chigit tayyorlanadi,- deydi dotsent P. Shoyimov.- Urug‘lik sarfi gektariga o‘rtacha 50-70 kilogramm, ayrim hollarda hatto 75-80 kilogrammni tashkil etmoqda. Bu esa ilmiy tavsiya etilgan miqdordan 2-3 marta, AQSH va Xitoy paxtachiligiga sarflanadigan chigitga nisbatan 5-10 marta ko‘p. Bizda chigit sarfining ko‘pligiga urug‘ sifatining pastligi sabab bo‘lmoqda. Ayrim yillarda urug‘lik chigitning 30-40 foizi yuqori sifatli birinchi nav talablariga javob beradi, xolos. Qolgan qismini esa past sifatli ikkinchi va uchinchi navlar tashkil etadi. Aynan mana shunday urug‘likning tarkibida 10 foiz va undan ko‘proq puch, pishib yetilmagan, mexanik shikastlangan chigitlar bor. Ular tuproqqa tushgach, umuman unib chiqmaydi.Unib chiqqan taqdirda ham nihol kasallikka tez chalinuvchan bo‘ladi. Oqibatda hosildorlik ham, tola sifati ham pasayadi.
Yangi qurilma afzalliklari saralash darajasi aniqligining yuqoriligida, elektr energiyasini nisbatan kam talab qilishida, saralangan chigitni dorilamasdan ekish imkoni mavjudligida, chet eldan valyuta evaziga olib kelinadigan kimyoviy dorilarga ehtiyoj bo‘lmasligida ko‘rinadi. Qurilma uchun kam miqdorda material ishlatilishi, uni tayyorlash soddaligi ham ustun jihatlaridandir. Ish unumdorligi esa yuqori. Bir soatda 4 tonna tukli, 6,5 tonna tuksiz chigitni saralash mumkin.
-Tadqiqotlar urug‘lik chigitning laboratoriya sharoitidagi unuvchanligi 5,5-8,8 foizga, dala sharoitidagi unuvchanligi esa 15-20 foizga yuqori bo‘lganini ko‘rsatdi,- deydi ixtiro hammuallifi B. Murodov.- O‘zMEI tajriba xo‘jaligi va Buxoro paxtachilik tajriba stansiyalarida “Buxoro-6” hamda “Porloq” navlari dala sharoitida ekilganda har tupda ko‘saklar soni 2,3-3,9 donaga ko‘paygani, har bir ko‘sakdan olingan paxta miqdori esa 0,1-0,6 grammga oshgani kuzatildi. Hosildorlik esa asosan birinchi terim hisobiga gektariga 2,3-4,6 sentnerga ortdi.
Aytish joizki, joriy yilda G‘ijduvon, Romitan, Olot tumanlari fermer xo‘jaliklarida ikki barabanli qurilma yordamida saralangan urug‘ dorilanmasdan ekildi. Natijada hosildorlik gektariga o‘rtacha 3,3-4,6 sentnerga oshgani kuzatildi.
Aytmoqchi, yaqinda bo‘lib o‘tgan “Bukhara IT-Expo” ko‘rgazmasi ishtirokchilarida mazkur innovatsion qurilma katta qiziqish uyg‘otdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring