Buxorodagi tarixiy binolarning egasi bormi?
Foto: «Халқ сўзи»
Koʻhna Buxoroning boshqa tarixiy shaharlardan ajralib turadigan jihatlaridan biri tarixiy yodgorliklarning benihoya koʻpligidir. Ayrim manbalarda ular soni 800 atrofida ekanligi aytiladi. Lekin shunday inshootlar borki, ular baʼzi sabablarga koʻra, davlat muhofazasiga olinmagan.
Shu oʻrinda bir misol. Bundan bir yilcha muqaddam gazetamizning rasmiy saytida eʼlon qilingan “Qadimiy qabr yonidagi hojatxona” sarlavhali maqolani tayyorlash jarayonida 30-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi binosiga yondosh joyda noyob naqqoshlik sanʼati namunalari bilan bezatilgan, ammo qarovsiz yotgan, koʻzdan panadagi tarixiy obidani uchratgandik. U madaniy meros obyektlari roʻyxatida emasligini eshitib ajablangan edik.
Kecha esa Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarix boʻlimi mudiri Oʻktamali Ravshanov qoʻngʻiroq qilib, tahririyatimizdan koʻmak soʻradi. Quyida bu jonkuyar mutaxassisning fikr-mulohazalarini eʼtiboringizga havola etamiz:
“Buxoro asrlar davomida tarixni oʻz bagʻrida asrab kelgan shahardir. Narshaxiyning yozishicha, Buxoroda 937-yilda shunday yongʻin sodir boʻladiki, buxoroliklar boshqa bunday binolarni qura olmaganlar. Hatto Chingizxon Buxoroni egallagan vaqtida Minorai Kalonni buzdirmagan. 1920-yilda Frunze boshliq bosqinchilar Buxoro ustida aeroplanlar bilan bombalar tashlab, shaxarni buzishga urinishdi. Katta talafot koʻrildi. Ammo Buxoro oʻzligini saqlab qoldi.
Endi u kunlar ortda qoldi. Endi qadimiy shahar turli talofatlardan xoli, uning birgina toshi ham oʻz oʻrnidan bejiz qoʻzgʻatilmaydi. Ha, bu shukronalik oʻy-xayollari. Ammo haqiqatda shundaymi? Yoki bugun ham uning bagʻrini tiluvchi, asrlar izini yoʻqotuvchilar topiladimi? Ha, topiladi!!! Afsuski, ular endi tashqarida emas, oʻz ichimizda, atrofimizda.

Buxoroda temir yoʻl Oʻrta Osiyoda birinchilardan boʻlib Kaspiy yoʻli orqali 1888-yil 26-fevraldan oʻz ishini boshlagan. Temir yoʻl vokzalining ochilishi Osiyo va Yevropada katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan, ochilish tantanalariga koʻplab elchilar, bankirlar, savdogarlar, sayyohlar tashrif buyurishgan. Oʻsha vaqtda yangi Buxoro nomi bilan hozirgi Kogon shahrida koʻp millatli va amirlikdagi eng yirik temir yoʻl bekati Buxoroni zamonaviy dunyo bilan bogʻlab turgan. Albatta, temir yoʻl turli maqsadlarda foydalanilgan. 1900-1905-yillar oraligʻida xuddi shunday temir yoʻl bekati Buxoro shahrining Qarshi darvozasi oldida quriladi. Bekatning chap tomonida bir necha xonalardan iborat bojxona (kontora, amirlik davrida zakotxona deb yuritilgan) va boshqa binolar barpo etiladi. Oʻz vaqtida bu binolar ikki davlat rahbarlarining rasmiy kelishuvlari asosida bunyod qilingan. Binolar rus askarlari tomonidan rus-yevropa uslubida davlat tashkilotlariga xos shaklda qurilgan. Bu xonalardan oʻz vaqtida Buxoroga keltirilgan va olib ketiladigan mollarni nazorat qilish maqsadida foydalanilgan.
Bugungi kunda yirik bekatdan faqatgina asosiy bino va baʼzi bojxona binolari saqlangan boʻlib, temir yoʻl bekati binosi Mixail Arxangel cherkovi, bojxona binolari esa hunarmandlarning ustaxonalari sifatida foydalanib kelinmoqda.
Ammo yaqinda shu binolarning yarmi buzildi. Buxoroning bojxona tarixiga oid 10 ga yaqin xonalarga ega majmuaning ayni vaqtda 3 ta binosi qoldi, xolos. Ular ham yiqilish arafasida. Endi tabiiy savol tugʻiladi – kimning haqqi bor bu binolarni buzishga?!
Birinchidan, keling, ular xususiy mulk boʻlsin. Ammo shahardagi tarixiy binolarning baʼzilari mustaqillikning dastlabki yillarida ijara asosida berilgan boʻlib, yillar davomida qoʻldan-qoʻlga oʻtib xususiylashtirilgan. Ammo bu tarixiy binoni istagan vaqtda buzib tashlash mumkin, degani emas-ku?
Ikkinchidan, hozirda tarixiy binoning buzilgan oʻrnida qurilayotgan bino loyihasini qaysi meʼmor tasdiqlagan? Axir shaxarda qurilayotgan har bir bino loyihasi shahar bosh meʼmorining nazorati ostidan oʻtishi kerak. Bu ishni ham kimdir tasdiqlagan, albatta.
Uchinchidan, kadastr boshqarmasida bu tarixiy binolar qanday nom ostida saqlanadi? Yoki ular kadastr ishlarini noaniq yuritishyaptimi?
Toʻrtinchidan, shu atrofda yashovchi mahalliy aholi bino buzilishi oxiriga yetay deb qolgan boʻlsa-da, eʼtibor berishmayapti. Jamoatchilik tariximizga shu darajada befarqmi?
Viloyat madaniy meros boshqarmasi tomonidan 2018-yilda bu binolarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari amalga oshirilgan edi. Ammo nimagadir binolar davlat roʻyxatiga kiritilmay qoldi. Mana, oqibat: kim nimani xohlasa, qilmoqda.”
Oʻktamali Ravshanovning yozma murojaatini oʻqigach, qurilganiga 120-yil boʻlgan oʻsha tarixiy binolar oldiga bordik. Atrofi oʻrab olingan. Ichkarida bir zot koʻrinmaydi. Ammo tarixiy binoning teng yarmi buzib tashlangani shundoq koʻrinib turibdi.
Yurtimizning, jumladan, koʻhna Buxoroning har bir obidasi, har bir gʻishti — ajdodlarimizdan bizga meros. Ularni asrab-avaylash, ziyon-zahmat yetkazmay kelajak avlodga yetkazish burchimiz sanaladi.
Binobarin, yuqorida tilga olingan noxush holat yuzasidan mutasaddilardan tegishli javob kutamiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring