Buxorodagi muzeyda 200 bosh qoʻyning bahosiga teng gultuvaklar saqlanmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahridagi Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi eksponatlari orasida chinni buyumlar toʻplami alohida ajralib turadi. Ular soni 189 ta. Aksariyati soʻnggi amirning musodara qilingan mulki hisoblanadi. Ular chinni, fayans va emallangan mis guldonlardan, choynak, piyola, kosa, lagan, shokosa va boshqa turli sharqona buyumlardan iborat.
— Bu buyumlar Buxoro hukmdorlari sulolasiga daxldor, — deydi muzey katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — Ular 400-yillik tarixga ega. Guldonlar, gultuvaklar, haykal tagliklari, hoshiyasi baland likoblar, chiroq tagliklari bezakli buyumlar, choynaklar, kosalar, piyolalar, likobchalar, lagan va shokosalar esa kundalik roʻzgʻor idishlari sirasiga kiradi. Ularning barchasi Xitoy, Yaponiya, Fransiya va Rossiyadan keltirilgan.
Yaponiya imperatorlik ustaxonalarida maxsus tayyorlangan chinni buyumlarga shoh asar, deya taʼrif bersa arzigulikdir. Bular katta bezakli chinni, fayans, emallangan mis guldonlari devorlari yuzasiga Yaponiya timsoli xrizantema, sakura, baxt timsoli — turnalar, yelpigʻich tutgan ayollar, afsonaviy qushlar va hayvonlar, samuraylar tasvirlari tushirilgan guldon va tuvaklardir. Mutaxassislarning eʼtirof etishlaricha, ayrimlari kichik vaza shaklida, lekin juda yengil va nafis. Ular yuqori navli kaolin gilidan tayyorlangan.
Toʻplamdagi idishlarning katta qismiga tasvirlarni faqat bir usta naqqosh chizgan va aksariyati atigi bir nusxada buyurtma asosida yasalgan boʻlib, bu buyumning ahamiyatini va qimmatini oshirgan. Bunday gultuvaklar oʻsha davrda 200 bosh qoʻyning narxiga teng boʻlgan. Qizigʻi, bir nusxada tayyorlangani uchun aynan shunday koʻrinish va naqshlarga ega chinni buyumlarni Yaponiya muzeylarida ham uchratmaysiz. Shu boisdan ular nafaqat Yevropa davlatlari, balki kunchiqar yurt sayyohlarida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
Sitorai Mohi Xossa saroyidagi muzeyga kelsak, u 1927-yilda tashkil etilgan. Muzeyni barpo qilishda oʻz vaqtida Butun Buxoro Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi kotibi, Buxoro Xalq Shoʻrolar Respublikasi (1920-1924 yy.) Maorif noziri lavozimlarida ishlagan Musojon Saidjonov hamda xalqimizning ardoqli farzandi Abdurauf Fitrat boshchiligidagi bir guruh maʼrifatparvarlar jonbozlik koʻrsatishgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring