Buxorodagi 20 ta madaniy meros obyektida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda

12:23 22 Dekabr 2022 Jamiyat
1276 0

Foto: Illustrativ surat

Koʻhna Buxoroning qadimiy qismida YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan koʻplab osori atiqalar joylashgan. Ana shunday meʼmoriy yodgorliklardan biri Xoʻja Kalon masjidi sanaladi.

Mazkur masjid 1573-1579-yillarda barpo etilgan. U Xoʻja Gavkushon majmuasining tarkibiy qismi sanaladi. Bu yerda Gavkushon madrasasi va shu nomdagi minora ham qad rostlagan. Maʼlumotlarga qaraganda, ushbu meʼmoriy obidalar joʻybor shayxlaridan biri Xoja Saʼdning sarmoyasi evaziga barpo etilgan. Shayx el orasida “Xoʻja Kalon” ( “Buyuk Xoʻja”) nomi bilan tanilgan.

Dafʼatan mashhur Poyi Kalon ansamblini eslatuvchi bu goʻshadagi Xoʻja Kalon masjidi vaqt, tashqi taʼsirlar va eʼtiborsizlik oqibatida abgor holga tushayozgandi. Joriy yilda shu noxush manzaraga chek qoʻyishga kirishildi. Bu yerda ayni paytda restavratsiya va taʼmirlash yumushlari olib borilmoqda.

— Loyihaga muvofiq masjidda keng qamrovli taʼmirlash-tiklash ishlari olib boriladi, — deydi Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazida brigadir vazifasida ishlovchi Maʼmur Mirzayev. — Hozirga qadar masjidning toʻrtta gumbazi qayta tiklandi. Arkalarni ham asl holiga keltirish saʼy – harakatidamiz. Masjid mehrobi hamda obidaning yon qanotdagi qismi qayta tiklanadi. Bilasizmi, meʼmoriy yodgorliklarni taʼmirlash maxsus bilim, qunt, malakani talab qiladi. Zero, ajdodlarimiz bu kabi binolarni bunyod etishda aniq fanlarga, jumladan, geometriyaga asoslanishgan, boshqacha aytganda, hammasi hisob-kitob bilan bajarilgan. Shu boisdan meʼmor – usta boʻlib yetishish hazilakam ish emas. Masalan, brigadamizda bir yigit 20 yildan buyon shogird maqomida ishlayapti. Oʻzimga kelsak, bu hunarni otamdan oʻrganganman. Ushbu meʼmoriy yodgorlikni asl holiga keltirish uchun oʻz bilimimiz, kuch-gʻayratimizni ayamaymiz, albatta.

Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-martdagi 110-sonli qaroriga muvofiq hamda Bosh vazir oʻrinbosari –turizm va madaniy meros vaziri tomonidan tasdiqlangan alohida Manzilli roʻyxatga asosan ayni paytda Buxorodagi 20 ta tarixiy obyektda restavratsiya va asrashga doir konservatsiya ishlari olib borilyapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер