Buxoroda “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohi oʻz faoliyatini boshladi

14:45 17 Aprel 2026 Jamiyat
67 0

Buxoro shahrida “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohi tantanali tarzda ochildi.

Yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida kechgan marosim avvalida toʻplanganlar eʼtiboriga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, salomatligida nuqsoni boʻlgan oʻgʻil-qizlarning oʻz iqtidorlarini yuzaga chiqarishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga doir videolavhalar namoyish etildi. Tadbirda viloyat hokimi B. Zaripov soʻz olib, yurtimizda yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan bu kabi loyihalarning ahamiyati xususida toʻxtaldi. Shundan soʻng masʼullar “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohi qatnashchilari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishdilar. Ularda “Qalb koʻzi”, “Smartqoʻlqop”, “Yuklanish” kabi loyihalar iliq taassurot qoldirdi. Zero, mazkur ishlanmalar nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga moslashuviga, ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan. Bu kabi loyihalar nogironligi boʻlgan fuqarolarning tashvishlarini yengillashtiradi, ularga oʻzlarini jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida his etishlariga koʻmaklashadi.

Yoshlar iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan “VoiceUp – 2026” inklyuziv oromgohi dasturidan turli treninglar, foydali uchrashuv va muloqotlar, madaniy tadbirlar oʻtkazish oʻrin olgan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?