Buxoroda soxta DXX xodimi qoʻlga olindi
Gʻijduvon tumani IIO FMB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Buning natijasida oʻzini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, yurgan shaxs ushlandi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, u Gʻijduvon tumani Buktaroy mahallasida roʻyxatda turib, Buxoro shahar Gazli shoh koʻchasidagi xonadonlardan birida vaqtincha yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro S.Oʻ boʻlib chiqdi.
S.Oʻ. 2019-yil avgust oyi boshlarida oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida fuqaro S.Sh.ning ishonchiga kirib, unga oʻzini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, 500 AQSH dollari evaziga Qorakoʻl tumanidagi “Qandim” zavodiga ishga kiritishini vaʼda qilib, Buxoro shahridagi “Chevar” maishiy xizmat uyi oldida S.Sh.dan 500 AQSH dollarini qoʻlga kiritib, ushbu pullarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflagan holda firibgarlik jinoyatini sodir qilganligi aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro S.Oʻ oʻzining jinoiy hatti-harakatlarini davom ettirib, 2019-yil noyabr oyi boshlarida fuqaro U.Sh.ning ishonchiga kirgan. Unga ham oʻzini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, 500 AQSH dollari evaziga Qorakoʻl tumanidagi “Qandim” zavodiga ishga kiritishini vaʼda qilib, aldab, ishonchini suiisteʼmol qilgan holda 400 AQSH dollari, xuddi shu tarzda fuqaro U.Q.dan 2.850.000 soʻm naqd pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.
Oʻtkazilgan tadbir davomida fuqaro S.Oʻ ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Undan DXX yozuvli soxta guvohnoma, fuqarolarning pasport nusxalari hujjatlashtirib olingan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra S.Oʻ.ning firibgarligi qurboniga aylanganlar soni 10 nafardan ortishi taxmin qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro S.Oʻ.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi tegishli qism va bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, JPK 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring