Buxoroda qovun sayli boshlandi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroning necha ming yillik tarixga ega qovunchilik anʼanasini bor. Istiqlol yillarida bu anʼanani davom ettirish, ushbu poliz ekinining unutilgan navlarini qayta tiklash, aholi dasturxoniga shirindan-shakar qovunlar yetkazish, shuningdek, xorijiy sayyohlarga vohaning gastronomik imkoniyatlarini koʻrsatish vazifasi kun tartibiga chiqdi. Natijada 1996-yildan boshlab “Qovun sayli” tadbirini oʻtkazishga kirishildi.
Navbatdagi sayl koʻhna Ark qoʻrgʻoniga tutash maydonda tashkil etildi. Unda har bir tuman oʻz pavilyoni bilan ishtirok etmoqda.
— Bu yil toʻrt gektar maydonda qovun va tarvuz yetishtirdik, — deydi Peshku tumanidagi “Qoraqalpoq” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Juma – 90” fermer xoʻjaligi rahbari Odil Ramazonov. — Qovunning “Boʻrikalla”, “Amiri”, “Obinovvot” kabi navlari xaridorgir sanaladi. Hozirgacha ulardan oʻttiz tonna sotdik. Kezi kelganda, tabiiy iqlim oʻzgarishi, ob-havoning injiqliklari, zararli hasharotlar polizchilik rivojiga toʻsiq boʻldi. Agar seleksionerlarimiz biz bilan hamkorlik qilib, qovunning tashqi taʼsirlarga chidamli, serhosil navlarini yaratishsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.

Maʼlumki, yoz jaziramasi sabab sayyohlar oqimi susayadi. Shunga qaramay, saylda xorijiy mehmonlarni uchratish mumkin.
— Kuni kecha Xiva shahrini tomosha qilib, Buxoroga keldik, — deydi oʻzini Beatri Enen deya tanishtirgan irlandiyalik sayyoh. — Bu yerdagi turfa noz-neʼmatlarni koʻrib, hayratga tushdik. Qovundan tatib koʻrdik. Juda shirin. Mehmondoʻstlik uchun xalqingizga tashakkur.
Qovun sayli ertaga ham davom etadi. Shundan soʻng polizchilikni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshayotgan dehqonlarni tashkilotchilar tomonidan taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring