Buxoroda qoraqalpoq kuy-qoʻshiqlari yangradi

14:30 28 Aprel 2022 Jamiyat
1406 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro shahridagi Yoshlar markazida “Sanʼatimiz mangu, doʻstligimiz abadiy” shiori ostida musiqiy dastur namoyish etildi. Ushbu tadbir Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat kunlari doirasida oʻtkazildi.

— Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yakdillik tuygʻularini mustahkamlashda sanʼatning oʻrni benihoya katta, — deydi tadbir qatnashchisi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Gulxatisha Ayimbetova. — Men bugungi konsert dasturida “Buyuk Vatan - Oʻzbekiston”, «Bile kel» deb nomlangan qoʻshiqlarni ijro etdim. Tinglovchilar juda yaxshi kutib olishdi. Biz qadimiy Buxoroda bugun qoraqalpoq xalqining tinchlik, doʻstlik, ona Vatan, mehru muhabbatni madh etuvchi oʻlmas kuy-qoʻshiqlari yangrayotganidan, joylarda elimizning madaniyati, turmush tarzi, tarixiga oid uchrashuvlar oʻtkazilayotganidan mamnunmiz.

Aytish joizki, ayni damda Buxoroga saksonga yaqin qoraqalpogʻistonlik musiqa va sanʼat, madaniyat va adabiyot vakillari tashrif buyurgan. Ular ishtirokida viloyat shahar va qishloqlarida aholi, xususan, yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilyapti. Oʻz navbatida Orolboʻyida joylashgan qoraqalpoq yurtida ham Buxoro madaniyati kunlarini oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер