Buxoroda pilla losidan sanoatbop mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi

16:20 11 Mart 2025 Jamiyat
382 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Mutaxassislarning hisob-kitob qilishicha, birgina Buxoro viloyatidagi korxonalarda yiliga 2 ming 145 tonna pilla xomashyosi qayta ishlanadi. Shundan 11-13 tonna atrofidagi pilla losi chiqindiga chiqadi. U qayta ishlanmaydi. Vaholanki, hozirgi kunda pilla chiqiti losining bir kilogrammi dunyo bozorida 0,5-2,5 AQSH dollari miqdorida baholanadi. Boshqacha aytganda, 9-31 ming soʻm atrofida sotiladi.

Shu nuqtayi nazardan Buxoro davlat texnika universiteti olimlari tomonidan pilla losidan sanoatbop mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasi yaratilgani eʼtiborga molikdir.

— Yangi texnologiya pilla losini qayta ishlab, undan tozalangan momiq xomashyo olish imkoniyatini beradi, — deydi universitet oʻqituvchisi Iroda Mavlonova. — Ushbu momiqdan koʻrpa-toʻshak tikishda, shuningdek, qishki kiyimlarning ichki qismida isituvchi qatlam sifatida foydalanish mumkin. Biz taklif qilayotgan texnologiya qulayligini ham taʼkidlamoqchimiz. Unda mahalliy komponentlardan foydalaniladi. Energiya ham tejaladi.

Masalaning iqtisodiy jihati shu bilan cheklanib qolmaydi. Taklif etilayotgan texnologiya sharofati bilan bir mavsumda umumiy hisobda 360 ming AQSH dollari miqdorida xomashyo yetishtirish imkoniyati yuzaga keladi. Isituvchi qatlamga ega qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Yangi ish oʻrinlari yuzaga keladi. Soha korxonalari qoʻshimcha daromadga ega boʻladi.

Shu oʻrinda pilla losi oʻzi nima, degan savol ham tugʻiladi. Mutaxassislarning bildirishicha, ipak qurti pilla oʻrash uchun qulay joy tanlab, ip tortgan holda moʻjazgina “havoza” qura boshlaydi. Ipak tolalarni ozuqa poyasiga biriktirar ekan, oʻrtada boʻsh joy qoldiradi va ana shu yerda pilla oʻraydi. “Havoza” qurish pilla oʻrashning birinchi bosqichi hisoblanib, bu pilla losi deb ataladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер