Buxoroda OAV xodimlari uchun mintaqaviy konferensiya oʻtkazildi

19:14 22 Sentyabr 2023 Jamiyat
463 0

Jurnalist va blogerlar u yoki bu voqeani qanday yoritishlari kerak? Ularning pozitsiyasi qanday boʻlmogʻi zarur? Bosma nashrlarning muammolari nimalardan iborat? Ularga qanday yechim topish mumkin? Buxoro shahrida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan mintaqaviy konferensiyada ana shu savollarga javob izlandi.“Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni xolis yoritish: bugungi holat, tahlil, taklif” mavzuidagi mazkur tadbirda Buxoro hamda Navoiy viloyatlari jurnalist va blogerlari, shuningdek, BuxDU da jurnalistika yoʻnalishida tahsil olayotgan bir guruh yoshlar ishtirok etishdi. Konferensiyada soʻz olgan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchisi X. Salimov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida jurnalistlar oldida turgan vazifalar, bosma va internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni xolis va haqqoniy yoritish masalalari xususida toʻxtaldi. Toʻplanganlarga mavzu doirasida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi faoliyati misolida zamonaviy media muhit va uning mahsuli yuzasidan maʼlumotlar berildi. Bahs-munozara ostida kechgan tadbirda bir qator foydali takliflar oʻrtaga tashlandi.

— Bunday uchrashuv va muloqotlarni tez-tez oʻtkazib turish oʻzaro tajriba almashish, fikrlashish nuqtayi nazaridan biz, jurnalistlar uchun juda foydali,— deydi “Romitannoma” gazetasi bosh muharriri, shoira Maxfirat Atoyeva.— Bilasiz, gazetachilik ijodkordan juda katta mashaqqat va mehnatni talab qiladi. Negaki, axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan pallada gazetalarning oʻqimishliligini oshirish, voqelikni xolis yoritish, tahliliy maqolalarga eʼtibor qaratish dolzarb masalaga aylanib qoldi. Bugungi tadbir shu yoʻnalishdagi ishlarimizga yangicha yondashuv nuqtayi nazaridan turtki vazifasini oʻtaydi, deb oʻylayman.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar uchun Buxoro viloyati korxonalariga press-tur tashkil etildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер