Buxoroda mehmonxonalar soni 451 taga yetkaziladi
Sir emas, butun dunyoni tahlikaga qoʻygan “Covid-19» pandemiyasi boshqa sohalar qatori turizm sohasiga ham misli koʻrilmagan darajada zarar keltirdi. Bundan yurtimiz, jumladan, sayyohlik yoʻnalishida katta salohiyatga ega Buxoro viloyati ham istisno emas.
Oʻtgan yilda viloyatga tashrif buyurgan 249 ming 927 nafar sayyohning atigi 13 ming 325 nafarini xorijiy turistlar tashkil etgani ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi.
Shunga qaramay, soha bir joyda depsinib qolayotgani yoʻq.Davlatimiz rahbarining tegishli Farmon va qarorlari asosida pandemiya davri salbiy oqibatlarini yumshatish, turizm sohasini qoʻllab – quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.
— Bugungi kunga qadar jami 89 ta mehmonxona va transport xizmati korxonalarining 24, 3 milliard soʻmlik kredit toʻlovlari muddati uzaytirildi, — deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori Suhrob Bobokalonov. — Shu bilan birga tizimning 78 ta tadbirkorlik subyektiga 1 milliard 222 million soʻmdan ziyod soliq imtiyozlari berildi. 27 tasiga esa 1 milliard 645 million soʻm miqdorida maqsadli ssudalar ajratildi. 6 ta turistik kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 35 ta joylashtirish vositasi, shuningdek, oʻn yildan ziyod vaqt davomida faoliyat yuritmay kelgan 300 oʻrinli «Saxid Zarafshon» mehmonxonasi zamonaviy koʻrinishga keltirilib, foydalanishga topshirildi.
Darhaqiqat, turizm infratuzilmasi rivojiga pandemiya xalal bera olgani yoʻq. Buni Romitan tumanidagi Boʻrontepa qadimiy yodgorligi hududida innovatsion turizm klasteri ishga tushgani, Toʻdakoʻl suv havzasida zamonaviy dam olish maskani barpo etilayotgani ham koʻrsatib turibdi.
— 2021— 2022-yillarda mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan 61 ta loyiha amalga oshiriladi va buning natijasida 1 172 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, — deydi S. Bobokalonov ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun uyushtirilgan matbuot anjumani chogʻida. — Viloyatda mehmonxonalar miqdorini 451 taga, turistik firmalar sonini esa 129 taga yetkazish nazarda tutilgan.
Taʼkidlanishicha, pandemiya paytida Buxoroda sohadagi birorta ham obyekt oʻz faoliyat turini oʻzgartirmagan.
Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring