Buxoroda issiqlik qoplamalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi
Buxoro shahrida “Wide range products” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun suyuq issiqlik qoplamasi ishlab chiqarish” tijoratlashtirish loyihasi hayotga tatbiq etildi. Loyiha respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi koʻmagida bajarildi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 6-iyuldagi “2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasidagi mazkur loyihaning ahamiyati shundaki, issiqlik qoplamalari import oʻrnini bosadi. Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish toʻliq mahalliylashtirilgan.
Loyiha doirasida 8 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Korxona yiliga 20 ming litr issiqlik qoplamasi tayyorlay oladi.
Maʼlumotlarga qaraganda, “FreezingStop” deb ataladigan mazkur qoplamalar ekologik toza, xavfsiz, tashqi taʼsirlarga chidamlidir. Mohiyatan boʻyoq va lak materiali sanalgan issiqlik qoplamalari uyning fasadi yoki ichki devorida, quvur va rezervuarlarda qoʻllanilganidan soʻng 1 dan 3 mmgacha miqdorda plyonka hosil qiladi. Ularni choʻtka, rolik, pulvizator, shpatel kabi standart boʻyash vositalari yordamida ishlatish mumkin. Issiqlikni saqlashgina emas, balki maʼlum sharoitlarda gidroizolyatsiya va ovoz yutish xususiyatiga ham ega.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qoplamalar oʻzining shu kabi noyob jihatlari tufayli issiqlikni tejashdek dolzarb masala yechimida muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Ikromjon MURODOV,
Buxoro viloyati oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar boshqarmasi shuʼba mudiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring