Buxoroda ilk bor xalqaro biologiya olimpiadasi oʻtkazilmoqda
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sinoning dunyo ilm-fani, jumladan tibbiyot, falsafa, zoologiya, mantiq, geologiya kabi qator fanlar ravnaqiga qoʻshgan hissasi mana, oʻn asrdirki eʼtibor-u eʼzozda. Uning biologiyaga oid ilmiy qarashlari ham hali-hanuz oʻz qimmatini yoʻqotgan emas. Shu nuqtai nazardan Ibn Sino tugʻilib oʻsgan Buxoroda xalqaro biologiya olimpiadasining oʻtkazilayotgani ayni muddao.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ilk bor tashkil etilgan ushbu olimpiada xorijda ham katta qiziqishga sabab boʻldi. Unda dunyoning Xitoy, Turkiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Finlyandiya, Quvayt kabi jami 19 ta mamlakatidan 15–18 yoshli oʻsmirlar ishtirok etayotgani fikrimiz tasdigʻidir. 120 nafar oʻquvchidan iborat 30 ta jamoa gʻoliblik uchun kurash olib bormoqda. Olimpiada nizomiga muvofiq, aql-u zakovat bellashuvi ikki turda tashkil etiladi. Hakamlar hayʼati tarkibida turli davlatlar kelgan, xalqaro fan olimpiadalari natijalarini baholab borishda muayyan tajribaga ega olimlar, ekspertlarni koʻrish mumkin.

“Bukhara-Varnet” masʼuliyati cheklangan jamiyatining turistik manzil sifatida roʻyxatga olingan oynavand botanika bogʻida ushbu olimpiada ochilish marosimi tashkil etildi. Unda soʻz olganlar yurtimizda Abu Ali ibn Sino qoldirgan boy maʼnaviy-maʼrifiy merosni chuqur oʻrganish borasidagi ishlarni alohida qayd etib, olimpiada ishtirokchilariga omad tiladilar.
13-iyunda qadimiy shaharning Poyi Kalon majmuida tadbirning yopilish marosimi oʻtkaziladi. Gʻoliblarga oltin, kumush, bronza medallari, diplom va esdalik sovgʻalari topshiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring