Buxoroda Ekologiya partiyasining besh yilligi munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi
Foto: "Xalq soʻzi"
Buxoro shahrida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tashkil topganining besh yilligi munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari, partiya aʼzolari, professor-oʻqituvchilar, ziyolilar ishtirok etgan tadbir avvalida partiya viloyat Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi Jahongir Sharipov soʻz olib, oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtaldi.

— Bizni xursand qilgan jihat shundaki, partiyamiz safi tabiatsevar insonlar, jumladan yoshlar hisobiga tobora kengayib bormoqda, — dedi jumladan u. — Ayni damda aʼzolarimiz soni 42 ming nafardan oshdi. Boshlangʻich partiya tashkilotlari soni esa 240 tani tashkil etmoqda. Partiya dasturidagi mamlakatda atrof-muhit holatini yaxshilash, ekologik muammolarni yaxlit holda hal qilishga qaratilgan davlat siyosatini olib borish, ekologiya va sogʻliqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish kabi ustuvor yoʻnalishlarni hayotga tatbiq etishda biz avvalo, faollarimiz, ona-tabiatimiz taqdiriga befarq boʻlmagan insonlarga tayanyapmiz.
Davlat va boshqa bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlash oʻz samarasini beryapti, albatta. “Yashil taraqqiyotga tabiatsevar xalqimiz bilan!» shiori asosida faoliyat yuritayotgan partiya elitasi Buxoro tabiiy iqlimi uchun nihoyatda dolzarb boʻlgan masalalar yechimi yuzasidan foydali takliflarni oʻrtaga tashlayapti, tashabbuskor boʻlmoqda. Bu xususan, “Yashil makon” dasturi ijrosida yaqqol koʻrinyapti. Partiya faollari “Moʻynoqqa madad” aksiyasini oʻtkazishdi. Orol dengizining sahroga aylangan qismida ihotazor barpo etish uchun saksovul urugʻi yigʻib, ekish ishlariga bosh-qosh boʻldilar.

Anjumanda jurnalistlar hamda bir guruh ziyolilar tomonidan Buxoroda chiqindilarni qayta ishlash, havoning musaffoligini, atrof-muhit tozaligini taʼminlash, aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish , yangi qurilayotgan mavzelarda kanalizatsiya masalasini hal etish borasidagi muammolar oʻrtaga tashlandi. Bu bejiz emas. Global iqlim oʻzgarishi oqibatida chang-toʻzon koʻtarilishi, qum boʻronlarining kuzatilayotgani, boz ustiga ichimlik suvning sifati pastligi koʻpchilikni xavotirga solmoqda. Bu muammolar tabiiyki, ijro etuvchi organlar zimmasiga juda katta masʼuliyat turganini anglatadi. Partiya masʼullari anjumanda shu masalalar yechimi yuzasidan ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir yakunida partiyaning bir guruh faollari, tabiatsevar insonlarga Faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring