Buxoroda “Bu sizning kutubxonangiz” innovatsion loyihasi amalga oshirilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazi Elektron resurslar va ulardan foydalanish xizmati sektor mudiri Taxmina Luqmanova tomonidan yaratilgan innovatsion loyiha soha mutaxassislarida katta qiziqish uygʻotmoqda.
— “Bu sizning kutubxonangiz” deb nomlangan ushbu loyiha kitobxonga tanlov qilish huquqini beradi, – deydi T. Luqmanova. – Kutubxona boʻylab noodatiy ekskursiyani amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Bu ish kitobxonning oʻzi tanlagan xodim va tilda amalga oshiriladi. Natijada kutubxonachilar ishini xolisona baholab borish mumkin boʻladi. Loyihada qoʻshimcha tarzda nogironligi boʻlgan shaxslar, chet el fuqarolari, keng kitobxon ommasi, faol kitobxonlar uchun markazimiz boʻylab virtual sayohat uyushtirish imkoniyati ham koʻzda tutilgan.
Loyiha maʼlum bir ilova orqali amalga oshiriladi. Kitobxon masofadan turib ilovadan roʻyxatga oʻtgan holda yoki axborot-kutubxona markaziga tashrif buyurgan vaqti QR-kod orqali bu loyiha bilan tez hamda oson tanishadi.Unda xodimning ish staji, erishgan yutuqlari, qaysi boʻlimda faoliyat yuritib kelayotganligi, chet tillarni bilishi, kitobxonlarga qanday xizmat turlarini taklif qilayotganligi bayon etilgan. Kitobxon xodimni hamda unga qulay boʻlgan kunni tanlash orqali oʻz joyini band qilib qoʻyadi.
Tanlov amalga oshirilgandan soʻng belgilangan sana va vaqtda axborot-kutubxona markaziga (yakka tartibda yoki) guruh boʻlib tashrif buyuriladi. Ekskursiya jarayonida ilovadagi “Xodim sizni yaxshi kutib oldimi?», “Asar taqdimotlari, viktorinalar, qiziqarli oʻyinlar tashkil etdimi?». “Yana axborot–kutubxona markaziga tashrif buyurishni xohlaysizmi?» degan mazmundagi bir qator savollarga javob yozadi. Bir soʻz bilan aytganda, xodim xizmati baholanadi.
Olti oy davomida eng koʻp ball toʻplagan, kitobxonlarda yaxshi taassurot uygʻota olgan, turli xizmatlarni yoʻlga qoʻygan, yangi kitobxonlarni kutubxonaga jalb qilgan tashabbuskor, faol, xodim axborot-kutubxona markazi tomonidan 10 – 30 foizgacha ustama berish orqali moddiy ragʻbatlantiriladi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, bunday loyihalar hali hech bir kutubxonada amalga oshirilmagan.
Aytmoqchi, yaqinda oʻtkazilgan “INFOLIB UZBEKISTAN-2023» Milliy axborot-kutubxona haftaligining “Yosh kutubxonachilar” forumi doirasida tashkil etilgan “Gʼoyadan natijagacha” deb nomlangan posterlar tanlovida Taxmina Luqmanova taqdim etgan loyiha birinchi oʻringa loyiq deb topildi. Gʻolib 30 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring