Buxoroda 200 nafardan ziyod xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Bayram bahonasida diydorlashish, ortda nazar tashlab, qilingan va qilinajak ishlar haqida mulohaza yuritish ayni muddao. 8 Mart – Xalqaro xotin – qizlar kuni munosabati bilan Buxoro shahrida oʻtkazilgan bayram tadbirida ham xuddi shunday yoʻl tutildi. Shinam «Sahid Zarafshon» tantanalar zaliga toʻplangan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari huzurida soʻz olgan viloyat hokimi B. Zaripov bir qator dalillarga eʼtiborni qaratdi.
Taʼkidlanishicha, 2022-yilda Buxoro viloyatidagi 27 ming nafarga yaqin xotin-qizga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamlar koʻrsatilgan. 711 nafar ayolga uy – joy xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Toʻrt ming nafar ayolga yengil tipdagi issiqxonalar qurishi va qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishi uchun 50 milliard soʻm miqdorida subsidiya ajratildi. 77 ming nafardan ziyod ayolning bandligi taʼminlandi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 414 milliard soʻmga yaqin kredit mablagʻlari va subsidiyalar berildi. Bu kabi yumushlar yurtimizda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyatimiz hayotidagi faolligini oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaralayotganini koʻrsatadi, albatta. Viloyat boʻyicha 200 nafardan ziyod xotin-qizning turli rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani ham shundan dalolat beradi.
Tadbirda toʻplangan duogoʻy onaxonlar, faol qizlarga minnatdorlik izhor etildi. Ibratli ishlari bilan el nazariga tushgan 17 nafar opa-singillarimizga «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni topshirildi. Ular orasida marhum shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toshpoʻlat Ahmadning turmush oʻrtogʻi Oysha Mavlonova ham bor.
— Bayram bahona – diydor gʻanimat, deydilar. Bizga koʻrsatilayotgan bu eʼtiboru, gʻamxoʻrlikdan boshimiz koʻkka yetdi, — deydi asl kasbi pedagog boʻlgan Oysha opa. — Aslida ayolning oʻzini baxtli his etishi uchun bir ogʻiz shirin soʻzning oʻzi, kifoya. Biz bugungi bayram tadbiridan bir dunyo kuch – quvvat, motivatsiya oldik. Yosh avlodni milliy urf-odatlarimizga, qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, mahallalarda maʼnaviy – axloqiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish yoʻlida oʻz kuchimizni, tajribamizni ayamaymiz.
Tantanali tadbirga sanʼat ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Istam IBROHIMOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring