Buxoroda 100 nafar oʻqituvchi 1000 dollardan maosh olmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Davlatimiz tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, qolaversa. ustozlarning fidoyiligi tufayli joriy oʻquv yilida 300 nafardan ortiq buxorolik oʻquvchi xorij hamda mamlakatimizning nufuzli oliy oʻquv yurtlari talabasi boʻlishdi. Taʼlim muassasalari oʻquvchilarining 676 nafari maktabni oltin, 147 nafari kumush medal bilan tamomladi.
Darvoqe, 2022-yili maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichi viloyatda 32,9 foizdan 39,7 foizga koʻtarilgan, bu natija boʻyicha viloyat mamlakatda peshqadam boʻlgandi.
— Aytish joizki, oʻquvchilarimizning bu kabi yutuqlarni qoʻlga kiritishida fidoyi va jonkuyar pedagoglarning xizmatlari nihoyatda katta,— deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi F. Qurbonov. — Oʻz navbatida yurtimizda butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlagan jonkuyar oʻqituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Vazir jamgʻarmasi ustamasining joriy etilishi ham bu boradagi muhim tashabbuslardan biri boʻldi. Joriy yilda mazkur ustama uchun oʻtkazilgan tanlovda 177 nafar oʻqituvchi gʻolib chiqdi. Endilikda ular toʻqqiz oy mobaynida ish haqiga qoʻshimcha 5 million soʻmdan ortiq ustama oladilar.
Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, ayni paytda viloyatda 1000 dollar miqdorida va hatto undan koʻp ish haqi olayotgan maktab oʻqituvchilari soni 100 nafardan oshdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring