Buxoro viloyat hokimi mahalliy va xalqaro reyslar 27 taga yetkazish rejalashtirilganini maʼlum qildi
Joriy yilning 17-dekabr kuni xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining navbatdagi yigʻilishida viloyat hokimi Botir Zaripov sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida jami 27 ta reys tashkil etish rejalashtirilganini maʼlum qildi.
Viloyat rahbarining soʻzlariga koʻra, jami reyslar sonidan 3 tasi ichki yoʻnalishlar: Buxoro – Fargʻona, Buxoro – Samarqand, Buxoro – Termiz, shuningdek, 24 ta xorijiy yoʻnalishlar boʻladi.
Kelgusi besh yilda viloyatga xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimining ortishini hisobga olib, 2026-yilga borib mehmonxonalarning umumiy sonini 679 taga yetkazish rejalashtirilgan. 2026-yilga kelib viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy va mahalliy sayyohlar soni 5,1 millionga yetadi, dedi Botir Zaripov.
Uning taʼkidlashicha, 2021-yilning yanvar-noyabr oylarida mustaqil sayyohlarni qoʻshganda sayyohlar soni 2,1 million kishini tashkil etgan boʻlsa, shundan xorijlik sayyohlar soni 41,2 ming nafardan ortiqni tashkil etdi.
Shuningdek, 2022-2026-yillarda viloyatda boʻlish muddatini uzaytirish uchun 60 ta yangi turistik yoʻnalishlar tashkil etiladi. Viloyatning turizm salohiyati yuqori tuman va shaharlarida 7 ta “Turistik mahalla”, “Turistik qishloq” va “Turistik koʻcha” tashkil etiladi.
Buxoro viloyatida 800 dan ortiq madaniy obidalar 7 ta Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, tarixiy merosimiz bosqichma-bosqich qayta tiklanadi. Shu bilan birga, Xalqaro oltin va zargarlik buyumlari festivali hamda navbatdagi Xalqaro maqom sanʼati festivali viloyatimizda boʻlib oʻtadi, – dedi viloyat hokimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring