Buxoro: Har bir inson baxtli yashashga haqli

Viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar aynan shu maqsadga qaratilgan.
Yurtimiz yangilanish jarayonini boshdan kechirayapti. Shaharu qishloqlarimiz uzra o‘zgarishlar epkini esmoqda. Obodonchilik yumushlari avjida. El-yurt bunyodkorlik og‘ushida. Muhimi, bu yangilanishlar xalqimizning tinch hamda farovon turmush kechirishiga, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qilayapti.
Ma’rifat va ma’naviyat beshigi sanalgan Buxoroda ham bunyodkorlik, yaratuvchanlik yumushlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimizning shu yil 16-17 fevralda mazkur viloyatda bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishgani bunga yana bir karra turtki berdi.
Davlatimiz rahbarining “2017 — 2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aholining uyga muhtoj qatlami turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatga muvofiq, Buxoroda o‘tgan yili 252 ta kvartiradan iborat yetti qavatli oltita zamonaviy uy qurib bitkazildi. Oradan ko‘p o‘tmay, aholi tilida “7-mavze” deb ataladigan mazkur hududda yana bir nechta ko‘p qavatli turarjoy qad rostladi.
— Oilada to‘rt kishimiz, — deydi Muhayyo Sodiqova. — Bizga uch xonali kvartira ajratildi. U xuddi orzu qilganimizdek. Shinam, arzon hamda yashash uchun qulay. Har bir kvartira alohida isitish qozoni bilan ta’minlangan. Bolalarimiz uchun o‘yin maydonchalari barpo etilgan. Juda xursandmiz. Uylar 20 yil muddatga imtiyozli kredit asosida berilayotgani ham ayni muddaodir. Ilgari ijarada yashardik. Endi u kunlar ortda qoldi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz qay bir viloyatga bormasin, eng avvalo, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlariga erishish yuzasidan yo‘l-yo‘riq, topshiriqlar bermoqda. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Buxoro bugun ulkan qurilish maydonini eslatadi. Mana, Buxoro — Kogon yo‘li bo‘yida qad rostlagan ko‘p qavatli uylarni olib ko‘ring. 1024 xonadonga mo‘ljallangan 39 ta uy ehtiyojmand yuzlab yurtdoshlarimiz qalbiga shodlik, quvonch olib kiradi. Aholini ishonchli ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga oid bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Baliqchilik klasteri
Viloyatda so‘nggi yillarda yirik loyihalar birin-ketin amalga oshirilmoqda. “Buxorobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining biznes-rejasi ham ana shulardan biridir. Davlatimiz rahbarining baliqchilikni rivojlantirish borasidagi tavsiyalariga muvofiq tashkil etilgan bu sub’ektni “Ishga zamonaviy yondashuvning namunasi”, deyish mumkin. Loyiha ro‘yobi uchun 7 milliard so‘m sarflandi.
Xususan, 70 gektarlik hovuz barpo etildi. Uning yonida esa ulkan ishlab chiqarish majmuasi qad rostladi. Inkubatsiya sexi, usti yopiq binodagi kichik hovuzlar, 200 tonna sig‘imga ega sovitkichlar, mahsulotni qayta ishlash sexi, ozuqa tayyorlash tizimi — bularning barchasi klasterni tashkil qiladi.
— Faoliyatimizga ilmiy asoslarda yondashayapmiz, — deydi korxona maslahatchisi, biologiya fanlari nomzodi Davron Niyozov. — Inkubatsiyadan chiqqan chavoqlarni dastlab kichik, keyin esa maxsus hovuzlarda parvarishlaymiz. Ular vaznini 50 grammgacha yetkazib, maxsus hovuzda qishlatamiz. Ko‘klamda esa yirik hovuzga qo‘yib yuboramiz. Bizda qish faslida ham baliqni intensiv usulda parvarishlash imkoniyati mavjud.
Korxona tadbirkorlari ilg‘or xorijiy tajribani ham chuqur o‘rganib, uni amalda qo‘llashga intilishmoqda. Jumladan, ular Vetnamda bo‘lishdi. Innovatsion texnologiyalar asosida baliq parvarishlash borasida katta tajribaga ega bu davlat vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishayapti.
“Buxorobaliqsanoat”ning imkoniyatlari katta. U baliqchilik xo‘jaliklariga chavoqlar ham yetkazib beradi. Bu esa viloyatda sohani rivojlantirish, savdo rastalarida luqmai halolni yanada ko‘paytirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish sari yo‘l ochmoqda.
Katta daromad manbai
“Aholitrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan chiqindilarni saralash va qayta ishlash korxonasi barpo etildi. Bunda sobiq chorvachilik majmuasining jamiyatga investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda berilgani qo‘l keldi.
Yangi loyihani amalga oshirish uchun “Aholitrans” tadbirkorlari Xitoydan 970 ming AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy saralash liniyasini xarid qildilar. Bu yerda shu tariqa chiqindilarni saralash yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki bosqichda qirq kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun xitoylik hamkorlardan umumiy qiymati 3 million 920 ming AQSh dollari bo‘lgan saralangan chiqindilarni qayta ishlash uskunalari sotib olindi. Bu rezina hamda yaroqsiz avtomashina shinalaridan muqobil yoqilg‘i, shox-shabba, xazon va yog‘och chiqindilaridan briket ko‘mir, qurilish chiqindilaridan imoratbop bloklar kabi jami o‘ndan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Boshqacha aytganda, maishiy chiqindilar tayyor mahsulotga aylanmoqda. Natijada chiqindini zararsizlantirish poligonlariga ehtiyoj qolmayapti. Ekologik muhit ham yaxshilanayotir. Yana bir muhim tomoni, korxona sharofati bilan 400 dan ziyod kishi muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Korxona tadbirkorlaridan biri Sohib Kenjayevning fikricha, bu hali chegara emas.
— Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, korxonamiz ish quvvatini yanada kengaytirish, ishchilar uchun turarjoylar, savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va boshqa inshootlar qurish chora-tadbirlari ko‘rilayapti, — deydi u. — Qisqacha aytganda, qarovsiz holda yotgan hudud yashash uchun qulay hamda obod shaharchaga aylanadi.
Noyobligi bilan qadrli
Xo‘ja Ashurov tashabbuskor yurtdoshlarimizdan. Sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan “Jo‘yzar Jayxun” fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lgan bu yigit shinshilla boqishni yo‘lga qo‘ydi. Shinshilla — Janubiy Amerikada ko‘p uchraydigan, olmaxonsimon qimmatbaho mo‘ynali hayvonlar sirasiga kiradigan jonivor. Uning mo‘ynasidan kiyim-bosh tayyorlanadi. Go‘shti esa parhezbop.
— Davlatimiz rahbari Buxoroga tashrif buyurganlarida ushbu loyihamizni qo‘llab-quvvatladilar, — deydi X. Ashurov. — Yurtboshimizning topshiriqlariga ko‘ra, menga viloyat rahbarlari ham yordam qo‘lini cho‘zishdi. Yer ajratildi. Bankdan kredit olib, ferma uchun bino qurilishini boshlab yubordik. Nafaqat shinshilla, balki norka parvarishini ham yo‘lga qo‘ydik. Xorijdan yana 1000 bosh shinshilla hamda 2000 bosh norka sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzdik. Ularni ko‘paytirib, kelajakda eksportga yo‘naltirish niyatidamiz...
o‘ijduvon tumanida tut bargidan choy tayyorlash korxonasi ham barpo etilmoqda. Bu loyiha “Buxoro brilliant silk” korxonasi va xitoylik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda ro‘yobga chiqarilayapti.
Tut choyi kalsiy, kaliy, natriy, temir, sink kabi minerallarga, turli vitaminlarga boy. Muhimi, u eksportbop mahsulot sanaladi. Yangi korxona 2019 yilda 1,4 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulotni eksport qilishi lozim. Hozir Xitoydan zarur asbob-uskunalar olib kelinib, korxonani ishga tushirish choralari ko‘rilayapti.
Biz yuqorida qadimiy va navqiron Buxoroda amalga oshirilayotgan ishlarning ayrimlari haqida so‘z yuritdik, xolos. Vaholonki, mazkur yumushlarning qamrovi g‘oyat keng. Muhimi, ular el-yurt obodligiga, xalqimiz dasturxoni to‘kinligiga xizmat qilayapti. Odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Istam IBROHIMOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring