Bu shunchaki tashxis, xolos

12:37 01 Iyun 2022 Jamiyat
552 0

Foto: Illustrativ foto

Oʻtgan yili Navoiy viloyatining olis hududlarida oʻtkazilgan tibbiy koʻriklarda 600 nafarga yaqin ayolda onkologik xastaliklar erta bosqichda aniqlandi. Aslida “Obod qishloq” va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar doirasida ushbu tibbiy koʻriklar oʻtkazilmaganida, mazkur ayollar oʻzlaridagi xavfli kasallikni to zoʻrayib ketguncha bilmasliklari ehtimoli yuqori edi.

— Har qanday, ayniqsa, onkologik xastaliklar qancha erta aniqlansa, uni davolash imkoniyati shuncha oshadi, — deydi Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filiali boshligʻi Ruslan Muhammadiyev. — Agar u yashirin koʻrinishi davrida aniqlansa, sakson, hatto toʻqson foizgacha yuqori samara berishi aniq.

Boshqacha aytsak, ushbu ayollar tashvishlanishiga deyarli zarurat yoʻq. Shifokorlar tayinlagan (tavsiya emas) muolajalarni oʻz vaqtida olishsa, kifoya.

Bugun Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filialida kasallikni dastlabki bosqichda aniqlashdan tashqari uni davolash, murakkab jarrohlik operatsiyalarini oʻtkazish, nur muolajalari yoʻlga qoʻyilgan.

— Men sakkiz yildan buyon shu kasallik bilan kurashaman, — deydi bemor Shohsanam Yoʻldosheva. — Nur muolajasini olish uchun ilgari Buxoro yoki Samarqandga, hatto Qoraqalpogʻistonga ham borib kelishimizga toʻgʻri kelardi. Mana, endi oʻzimizda yoʻlga qoʻyildi, vaqtida kelib davolanib ketayapman, koʻz tegmasin, hozir oʻzimni ancha yaxshi his etyapman.

Filialning zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlanib, shifokorlarning sohada ilgʻor klinikalarda malaka oshirib kelishi kasallikning bir qator ogʻir asoratlari oldi olinishida ham oʻz samarasini bermoqda.

— Oʻtgan yili 580 nafar bemor operatsiya qilingan boʻlsa, shularning 20 tasi oʻta murakkab jarrohlik amaliyoti hisoblanadi, — deydi jarroh Xurshid Abdukarimov. — Ushbu jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishda imkon qadar amputatsiyadan qochishga harakat qilmoqdamiz. Albatta, bularning barchasi kasallikning qaysi bosqichda aniqlanganiga bevosita bogʻliq. Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz ushbu kasallik belgilarini oʻzlarida payqagach ham, shifokorga murojaat qilishni paysalga solib yurishadi. Xususan, bugun operatsiya qilgan bemorimiz oʻzida kasallik belgilarini toʻrt yil avval sezgan. “Nega shu paytgacha murojaat etmadingiz?” deb soʻrasak, “Saraton tashxisi tasdiqlanishidan qoʻrqdim”, deya javob qildi. Bunday fuqarolar, taassufki, bitta-ikkita emas.

Haqiqatan ham, oʻsma kasalliklar bemor ruhiyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Shu bois filialda ularga ruhiy dalda berishga alohida eʼtibor qaratilib, bu shunchaki tashxis ekanligi hayotiy misollar bilan uqtiriladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер